O`zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a`zosi, «Orzularim qoqadi qanot» (1969), «Tashnaman» (1972), «Ikkinchi bahor» (1973), «Lirika» (1975), «Leti, moya mechta» (1972, rus tilida), «Bag`ishlov» (1977), «Paxta hidi» (1981), «Nurli nuqtalar» (1986), «Muhabbatning suvrati» (1988) kabi to`plamlariga kirgan o`nlab, yuzlab she`rlari o`zining otash nafasi, da`vatkorligi, samimiy va isyonkor ruhi bilan o`z xalqi yuragidan chuqur joy olgan shoiramiz Gulchehra Nurullaeva kecha, 15 yanvar kuni vafot etdi.
Shoira 1938 yilda Toshkent viloyatining Choshtepa qishlog`ida tug`ilgan. Otasi chor-nochor ro`zg`or tebratgan. Onasi esa uy yumushi bilan band bo`lgan.
Gulchehra Nurullaeva 1946—1956 yillarda o`rta maktabda o`qib, uni oltin medal bilan tugatgan. 1956-1961 yillarda esa Toshkent dorilfununining jurnalistika bo`limini a`lo baholarda bitirgan. So`ngra «O`zbekiston xotin-qizlari» (hozirgi «Saodat», 1961— 1967) oynomasida o`z faoliyatini boshlaydi. 1967—1969 yillarda Moskvadagi ikki yillik oliy adabiyot kursida tahsil oladi. 2018 yildan buyon Yozuvchilar uyushmasining a`zosi. Uning ijodi asosan 60-yillardan boshlangan bo`lib, birinchi she`riy to`plami «Quyosh tabassumi» (1965) nomi bilan chop etilgan. Shu kungacha o`ndan ortiq to`plamlar nashr ettirgan edi.
«Ularga bu kunning nazari bilan qarab, — deb yozadi shoira o`z tarjimai holida, — juda ko`p she`rlarimdan voz kechdim. Umuman, O`zbekistonning mustamlaka, o`zimning qul bo`lib yashaganimni uzoq yillar bilmagan ekanman. Biz tashqi dunyodan, o`tmishdan butunlay uzilgandik, imperiya mafkurasi ongimizga har tomonlama singdirilgandi. Shu tufayli hamma qatori pioner, komsomol, komfirqa a`zosi bo`lganman. Xalqimiz Parkentda Komfirqa boshchiligida otilganining ertasigayoq partiya biletini tashladim. Yozuvchilarning 1991 yil oktyabr oyida bo`lgan Qurultoyida menga berilgan Lenin komsomoli mukofoti va «Hurmat belgisi» ordenidan voz kechib, uni qaytarib berdim».
Ha, shunday! Shoira ana shu shijoat, isyonkorlik, adolat uchun jonfidolilik o`zi aytganidek, avvalgi ko`p she`rlaridan ham voz kechishga olib keldi. Biroq, shoira nimadan, qaysi she`rlaridan voz kechmasin, eng muhimi o`z xalqi uchun, uning porloq kelajagi, baxt-saodati uchun she`r yozishdan bir zum ham kecholmadi.
Shoiraning yoniq she`riyati borligiga quyidagi qatra ham isbot bo`la oladi:
Kimga gul, kim uchun balki tikanman,
Yurtim, xizmatingga yararmikinman?!