AsosiyMadaniyat

Yana uchta o`zbek filmi Belarusda suratga olinadi

'Yana uchta o`zbek filmi Belarusda suratga olinadi'ning rasmi

Kecha, 18 yanvar kuni "O`zbekkino" Milliy agentligida “Belarusfilm” Milliy kinostudiyasi bilan navbatdagi kinoloyihalarga bag`ishlangan hamkorlik masalalari ko`rib chiqildi. Bu haqda "O`zbekkino" Milliy agentligi Axborot xizmati xabar berdi.

Onlayn tarzda tashkil etilgan uchrashuvda Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, «Belarusfilm» Milliy kinostudiyasi Bosh direktori Vladimir Karachevskiy, direktor o`rinbosari Snejana Golovchis, O`zbekiston Respublikasining Belorussiyadagi elchixonasi maslahatchisi Doniyor Abidov, Madaniyat vazirligining kinematografiya bo`limi boshlig`i Bezugly Aleksey, “Kinopost” rahbari Evgeniy Levandovskiy va boshqalar ishtirok etishdi.

Mazkur uchrashuvda hamkorlikda suratga olinishi rejalashtirilayotgan yangi filmlar Akbar Bekturdievning “Uzbechka”, Jahongir Ahmedovning “Bo`ysunmas” (“Jizzax qo`zg`oloni”) hamda Muhammadali Iskandarovning “Mamadali Topvoldiev” filmlarining Belarus davlatida tasvirga olish ishlari haqida so`z yuritildi. Muhammadali Iskandarovning Ikkinchi jahon urushi qahramoni Mamadali Topvoldiev haqidagi filmi ikki davlat o`rtasidagi ko-produksiya bo`lishi rejalashtirilgan, keyinchalik film bilan bog`liq shartnoma va memorandumlar imzolanadi. Unda loyihaning moliyaviy xarajatlari, tasvirga olish ob`ektlari va boshqa raqamlar ko`rsatilishi ma`lum qilindi.

Ma`lumot uchun, 2020 yil Belarusda “Ilhaq” (rejessiyor Jahongir Ahmedov), “Meros” (rejissiyor Hilol Nasimov), “Muhabbat bahori” (rejissiyor Ibrohim Rasulov) filmlarining tasvirga olish ishlari bo`lib o`tgan edi. 2021 yilda ham yuqorida nomlari sanalgan yangi kinoloyihalar bo`yicha Belarusda s`yomka jarayonlari bo`lib o`tishi rejalashtirilgan. 

Uchrashuv davomida Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov “Belarusfilm” Milliy kinostudiyasi Bosh direktori Vladimir Karachevskiyni kutilayotgan Toshkent xalqaro kinofestivaliga taklif qildi. Samimiy ruhda o`tgan onlayn muloqot so`ngida o`zaro hamkorlik masalalarini yanada kengaytirish bo`yicha taklif va fikrlar bildirildi.

Boshqa yangiliklar