O`FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi O`zbekiston Superliga va Pro Liga uchrashuvlarida korrupsion holatlar, ya`ni bir qator futbol o`yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta`sir o`tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgan futbol hakamlarini aniqlash bo`yicha say-harakatlarni davom ettirmoqda. Bu haqda O`FA rasmiy saytida xabar qilinmoqda.
O`FA Etika qo`mitasining navbatdagi yig`ilishida FIFA va OFK hakami Sherzod Qosimov bo`yicha aniqlangan holatlar ko`rib chiqildi.
Qo`mita tomonidan Sherzod Qosimov O`FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol uchrashuvlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta`sir o`tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 3 (uch) yil muddatga futbol bilan bog`liq har qanday faoliyatdan chetlashtirish xususidagi qaror qabul qilindi.
Mazkur qaror O`FA tomonidan rasmiy tarzda e`lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.






