O`zbekiston Respublikasining Bishkek shahridagi Elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, 2021 yil 13 yanvarda qabul qilingan “Qirg`iz Respublikasiga kirib kelayotgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga nisbatan COVID-19 koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan harakatlar tartibi” talablariga o`zgartirishlar kiritildi.
Ushbu tartibga ko`ra, Qirg`iz Respublikasi va chet davlatlar fuqarolari, shuningdek, fuqaroligi bo`lmagan shaxslar koronavirus infeksiyasi yo`qligini tasdiqlovchi so`nggi 72 soat mobaynida (tahlil natijasi olingan vaqtdan boshlab) o`tkazilgan PZR-test javobini taqdim etgan holdagina Qirg`iz Respublikasiga uchayotgan havo kemasi bortiga kirishiga ruxsat beriladi.
Qirg`iz Respublikasiga kirib kelgandan so`ng Sanitar-karantin shahobchalari xodimlari tomonidan yo`lovchilar chegarani kesib o`tayotganda PZR-test natijasi mavjudligi tekshiriladi va ularning tana harorati o`lchanadi.
Samolyot bortida yo`lovchilarga “Qirg`iz Respublikasiga kirib keluvchi so`rovnomasi” berilib, u to`ldirilgandan so`ng Sanitar-karantin shahobchalari xodimlariga taqdim etilishi lozim.
Uzrli sabablar, shu jumladan, parvoz muddati yoki aviareysning kechiktirilishi tufayli PZR-testning amal qilish muddati (72 soat) o`tgan taqdirda, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar kelish joyida (aeroportlarda) PZR-test topshirishi lozim.
Mazkur talablar Qirg`iz Respublikasiga avtotransport bilan kirib keladigan fuqarolar uchun ham amal qiladi. “Qirg`iz Respublikasiga kirib keluvchi so`rovnomasi” mamlakat Davlat chegarasi nazorat-o`tish nuqtalaridan to`ldiriladi.
Shu bilan birga, ko`rsatilgan talablar quyidagi toifalar uchun tatbiq etilmaydi:
– Qirg`iz Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari, xalqaro tashkilotlarning vakillari (ularning kelishi haqida Qirg`iz Respublikasi TIV orqali oldindan xabar berilgan bo`lishi lozim);
– rasmiy delegasiyalar a`zolari (ularning kelishi haqida Qirg`iz Respublikasi TIV orqali oldindan xabar berilgan bo`lishi lozim);
– xalqaro yuk tashuvchi, xalqaro muntazam yo`lovchilarni, shu jumladan, maktabgacha yoshdagi (7 yoshga qadar) bolalarni tashuvchi haydovchilar;
– mamlakatdagi saylov jarayonlarini kuzatish uchun taklif qilingan xalqaro kuzatuvchilar.






