Real voqealarga asoslangan filmlar ikki sabab tufayli qiziqarli chiqadi. Birinchidan, ular mashhur odamlarning quvonchlarini, tashvishlarini, muammolarini boshqacha ko`z bilan ko`rishga yordam bersa, ikkinchi tomondan hayotda erishish mumkin bo`lmagan narsaning o`zi yo`qligini isbotlaydi. Asosiysi, hech qachon orzu qilishdan to`xtamay, ishonch bilan olg`a harakat qilishga undaydi.
"Janob Benksni qutqarish"
Film afsonaviy Uolt Disney va “Meri Poppins” asari muallifi Pamela Trevorsning o`zaro munosabatlariga bag`ishlangan. Disney qizlariga mazkur asarni ekranlashtirish haqida bergan va`dasini amalga oshirish uchun umrining yigirma yilini sarflashini xayoliga ham keltirmagandi. Bu film ikki mashhur insonning yashirin tomonlarini, sir-sinoatlarini kutilmagan tarzda yoritib bergan. Bu obrazlarni to`laqonli ochib berishda aktyorlar Tom Xenks va Emma Tompsonlarning ham xizmati katta.
"Gersoginya"
Film atoqli Devonshirskaya gersoginyasi hayotiga bag`ishlangan, u endigina balog`atga etgan paytida, sharoit taqozosi tufayli erta turmushga chiqishga majbur bo`ladi. Bu nikoh unga boylik, shon-sharaf, mashhurlik olib kelgan bo`lsa-da, eng asosiysi, mehr-muhabbatni hadya etmaydi. Ammo qiz tushkunlikka tushmaydi, u Buyuk Britaniyaning bo`lajak bosh vaziri Charlz Greyning muhabbatiga sazovor bo`ladi.
"Shoxidamas, bargida"
Frenk Ebigneyl — AQSh tarixidagi eng qo`lga tushmas, mashhur va afsonaviy firibgarlardan biri. U endigina 21 yoshga to`lganda vrach, advokat, uchuvchi bo`lib ishlashga ulgurgan edi. U Markaziy razvedka boshqarmasini dog`da qoldirib, bir necha millionlik cheklarni ham qalbakilashtiradi. Ammo ko`za kunda emas, kunida sinadi...
"Nokdaun"
Og`ir vaznli bokschi Jim Breddok sog`ligi yomonlashgani tufayli sportni tashlaydi. Ammo AQShda 1929 yilda ro`y bergan ishsizlik va ochlik uni oilasini boqish uchun ringga qaytishga majbur qiladi. Sobiq bokschining avvalgi shon-shuhratini tiklashiga hech kim ishonmaydi, ammo u hammani hayron qoldirib, barcha janglarda g`alaba qozonadi.
"Rey"
Jaz musiqachisi Rey Charlzning hayotiga bag`ishlangan. Filmda Reyning och-nahor bolaligi, ko`zi ojizligi, irqchilikdan qiynalgani va giyohvandga aylanish holatlari to`laqonli ochib berilgan. Ammo Rey bularning barchasini engib, Amerika jazida o`z o`rniga ega mashhur insonga aylanadi.
"Ozodlik yozuvchilari"
Amerikadagi qora tanlilar yashovchi kvartallardan biridagi maktab hayotidagi real voqealarga asoslangan. Yosh o`qituvchi qiz bolalarda adabiyotga muhabbat uyg`otish maqsadida, ularni baxtli hayotga umidlantiradi.
"Jeyn Ostin"
Film buyuk ingliz yozuvchisi Jeyn Ostin va Tomas Lefroyning go`zal va qayg`uli muhabbatiga bag`ishlangan. Yosh Jeyn sevib-sevilib, turmush qurishni istaydi, ammo vaziyat hisob-kitob bilan turmushga chiqishni taqozo qiladi.
"Chegaradan chiqish"
Bu biografik film kantri uslubida kuylagan afsonaviy Jonni Kesh va uning ikkinchi xotini Jun Karterlarning mashaqqatli umr yo`li haqida hikoya qiladi. Jonni surunkali tarzda spirtli ichimlik ichib, ijodida turli muammolarga duch kelsa-da, er-xotin bir-biriga bo`lgan muhabbat va sadoqatini keksalik ostonasiga qadam qo`yishganida ham yo`qotmaydi.
"To`lqinni zabt etuvchi"
Inson ruhiyatini o`ta chiroyli tarzda ochib bergan film. Yosh Jey Meverikning yigirma besh metrlik to`lqinni zabt etish uchun, xotiniga serfingni tashlashni va`da qilgan afsonaviy serfer Xessonga murojaat qiladi.
"Tog`-toshlar aro etti yil"
Film nemis sayohatchi-alpinisti va yosh Dalay Lamaning g`ayrioddiy do`stligi haqida hikoya qiladi. Taqdir taqozosiga ko`ra, Reyx ofiseri Genrix Xarrer Tibetning sirli Lxasa shaharchasiga tushib qoladi. Bu erda u etti yil qolib, hayoti tubdan o`zgarib ketadi.
"Murabbiy"
Beysbol bo`yicha murabbiy, bolalarga nisbatan qilgan qo`polligi tufayli ishdan bo`shatiladi. U Meksika bilan chegaradosh bo`lgan kichkina shaharchaga ko`chib keladi. Bu erda bosh qahramon to`polonchi, shumtaka, ikkichi bolalardan iborat engil atletika bo`yicha guruh tuzadi. Eng qizig`i, ular musobaqalarda g`alaba qozonishadi!
"Potter xonim"
Film oilasi va jamiyat qonun-qoidalariga qarshi chiqqan,ingliz bolalar yozuvchisi Beatriks Potterning hayoti va ijodiga bag`ishlangan. Qiz o`z davrining ayollariga xos bo`lmagan qat`iyat ko`rsatib, turmushga chiqishdan ko`ra, yozuvchilikni afzal ko`radi.
"Orzular amalga oshadi"
Yoshligidan opera qo`shiqchisi bo`lishni orzu qilgan yigitning boshidan kechirgan g`aroyib va ko`ngilni erituvchi voqealarga bag`ishlangan. Ammo uning orzularini ro`yobga chiqarishi uchun uzoq vaqt ketadi. Unga bu baxt “Britaniya iste`dodlarni izlaydi” shousida qatnashgach, nasib etadi.
"Ko`rinmas tomon"
O`ziga to`q, dindor oila qora tanli uy-joysiz, etim bolani o`z qaramog`iga oladi. Ular bolaning universitetga kirishiga, do`stlar orttirishiga, sport bilan shug`ullanishiga yordam beradi. Natijada bola mashhur beysbolchi bo`lib etishadi.
Manba:AdMe.ru