AsosiyJamiyat

Konsert-tomosha tadbirlarini 28 yanvardan boshlab tashkil etishga ruxsat berildi

'Konsert-tomosha tadbirlarini 28 yanvardan boshlab tashkil etishga ruxsat berildi'ning rasmi

Bu haqda SSV ma`lum qildi.

So`nggi kunlarda kelib tushgan ko`plab madaniyat sohasi vakillarining murojaatlarini inobatga olgan holda, shuningdek, halqimizni madaniy xordiq chiqarishlari uchun qulay sharoit yaratish maqsadida konsert-tomosha tadbirlarini joriy yilning  28 yanvaridan boshlab sanitariya-epidemiologik talablarga qat`iy rioya etgan holda tashkil etishga ruxsat berildi.

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan konsert va tomosha tadbirlarini o`tkazish bo`yicha quyidagi talablar belgilandi:

  • ️konsert saroylarining tomoshabin sig`imini inobatga olgan holda tomoshabinlar sonini 50 foizdan oshirmagan holda tashkil etish;
  • ️konsert saroylarining tomoshabin o`rindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda foydalanilishini ta`minlash va bu borada oraliq masofani saqlash uchun talab etiladigan o`rindiqlarni konservasiya qilish;
  • ️konsert saroylariga tashrif buyuruvchi tomoshabin hamda xizmat ko`rsatuvchi xodimlar qat`iy niqobda (maskada) bo`lish.

 

Shuningdek, ushbu qaror bilan Respublika maxsus komissiyasining umumiy ovqatlanish korxonalari va ko`ngilochar ob`ektlar tomonidan soat 8:00 dan 23:00 gacha bo`lgan davrida faoliyat yuritishi bilan bog`liq bo`lgan cheklovlar bekor qilinib, Vazirlar Mahkamasining “Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko`ngilochar ob`ektlarda jamoat xavfsizligini ta`minlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” 2019 yil 24 iyuldagi 624-son qarori talablari doirasida faoliyatni tashkil etilishiga ruxsat berildi.

Shu o`rinda ta`kidlab o`tish joizki, hozirda dunyoning qator mamlakatlarida koronavirus bilan bog`liq vaziyatning keskinlashuvi natijasida karantin hattoki ijtimoiy  va iqtisodiy sohalar faoliyatini to`xtatish kabi cheklovlar hamon davom etmoqda.

Respublika maxsus komissiyasi xalqimizdan koronavirus infeksiyasini tarqalishini oldini olish maqsadida sanitariya-epidemiologik qoidalarga qat`i rioya etishlari hamda mamlakatimizda epidemiologik barqarorlikni ta`minlash borasida erishilgan bugungi vaziyatni bardavom bo`lishi uchun shaxsiy mas`uliyatni oshirishlarini so`rab qoladi.

 

    Boshqa yangiliklar