Xitoyning ayrim shaharlarida aholining Yangi yil bayramini uyda o`tkazishi uchun pul to`lash boshlandi. Bu haqda «Korrespondent.net» yozmoqda.
Yangi yil — Xitoydagi eng katta ko`lamli va eng muhim bayram. Bu yil bayram 12 fevraldan 27 fevralgacha davom etadi. Rasmiy ravishda xitoyliklar etti kun — 12–18 fevral kunlari dam oladi.
«Bu koronavirus tarqalishining oldini olish uchun, ayniqsa, mamlakat shimoli-sharqida yangi virus o`choqlari paydo bo`layotgan bir paytda juda zarur», — deya izohlaydi shahar hokimiyati ularning qarorini.
Ba`zi shaharlarda «bayramni uyda o`tkazish uchun» ming Xitoy yuani(155 dollar) taklif qilindi. Ba`zilarida yirik diqqatga sazovor joylarga bepul kirish imkoniyati berildi. Chansha shahar okrugi tumanlaridan birida uyda o`tirganlarga 30 gigabayt mobil Internet, 200 ta elektron kitob va bepul maskalar tarqatildi.
Xitoy hukumati talabiga ko`ra, uyga qaytmoqchi bo`lganlar COVID-19’ga topshirgan testi natijasi salbiyligini ko`rsatishi va 14 kunlik karantindan o`tishi lozim.






