AsosiyJamiyat

30 yanvar — Islom Karimov tug`ilgan kun

'30 yanvar — Islom Karimov tug`ilgan kun'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov 1938 yil 30 yanvarda Samarqand shahrida tavallud topgan.

Islom Karimov O`rta Osiyo Politexnika va Toshkent Xalq xo`jaligi institutlarini tugatgan. Mehnat faoliyatini 1960 yil Toshkent qishloq xo`jalik mashinasozligi zavodida boshlagan. Keyinchalik, V.P.Chkalov nomidagi Toshkent Aviasiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, etakchi muhandis-konstruktor bo`lib ishladi. 1966 yil O`zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o`tib, bosh mutaxassislikdan respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o`rinbosarigacha bo`lgan yo`lni bosib o`tdi.

Islom Karimov 1983 yil O`zbekiston SSR Moliya vaziri, 1986 yil O`zbekiston SSR Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari, respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlandi. 1986-1989 yillar mobaynida Qashqadaryo viloyat partiya qo`mitasining birinchi kotibi, 1989 yilning iyunidan boshlab O`zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo`mitasining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi.

U 1990 yil 24 mart kuni O`zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida O`zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 1991 yil 31 avgustda I.Karimov tarixiy voqea – O`zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e`lon qildi. 1991 yil 29 dekabrda muqobillik asosida o`tkazilgan umumxalq saylovida I.Karimov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

Islom Karimov suveren va mustaqil O`zbekistonni barpo etish, xalqparvar demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta`minlash ishiga qo`shgan ulkan hissasi hamda bu borada matonat va jasorat ko`rsatganligi uchun "O`zbekiston Qahramoni" unvoni, "Mustaqillik" va "Amir Temur" ordenlari bilan taqdirlangan.

O`zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov 2016 yil 2 sentyabr kuni, 78 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. U 2016 yil 3 sentyabrda Samarqand shahrida dafn etildi.

Xalqimiz istiqlol yillarida erishilgan salmoqli yutuqlarni haqli ravishda I.Karimov nomi va faoliyati bilan bog`laydi.

    Boshqa yangiliklar