AsosiySport

Toshkent 2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezbonligi uchun kurashadi

'Toshkent 2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezbonligi uchun kurashadi'ning rasmi

Shaxmat dunyodagi eng qadimiy sport turlaridan biri sanaladi. Uning vatani Hindiston deb tan olingan bo`lsa-da, so`nggi tadqiqotlar ushbu aql-idrok sporti aslida O`rta Osiyo, xususan hozirgi O`zbekiston hududida paydo bo`lgan, degan farazlarni ilgari surmoqda.

Bu alohida mavzu, ammo shunisi aniqki shaxmat ommaviylik borasida ham sport turlari orasida etakchilardan biri hisobdanadi. Ayni paytda Xalqaro shaxmat federasiyasi, ya`ni FIDEga jahondagi 195ta milliy federasiya a`zo bo`lgan. Ommaviylik borasida ushbu aql-idrok sporti faqat engil atletikadan ortda qolishi mumkin.

Shaxmat musobaqalari orasida Butunjahon shaxmat Olimpiadasi eng nufuzli sanalib, mazkur sport anjumani mezbonligini qo`lga kiritish juda murakkab jarayondir. Yangi O`zbekiston hech ikkilanmasdan mana shunday yirik sport anjumanini o`zida qabul qilish uchun kurashga bel bog`ladi, deyiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabarida.

O`zbekiston shaxmat federasiyasida navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o`tkazilgan. Ushbu jarayonni kuzatib borish uchun yurtimizga FIDE prezidenti maslahatchisi Bereg Balgabaev tashrif buyurgan.

Yuqori martabali mehmon ishtirokida o`tkazilgan uchrashuvda 2026 yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi musobaqasini yurtimizda qabul qilish masalasi muhokama qilingan.

Ikki tomon o`rtasidagi uchrashuvda so`nggi yillarda yurtimizda shaxmat sportini ommalashtirish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotgani, ayniqsa yaqinda imzolangan "Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi Prezident qarori O`zbekistonda aql-idrok sporti rivojida yangi davrni boshlab berishi e`tirof etildi.

O`z navbatida janob Balgabaev yurtimiz shaxmatchilarining jahon arenalarida qozonayotgan yorqin g`alabalariga to`xtalib, bugun O`zbekiston shaxmat sportini rivojlantirishda nafaqat mintaqa, balki dunyo mamlakatlari uchun ham mayoq vazifasini o`tayotganligini ta`kidladi.

FIDE prezidenti maslahatchisi Butunjahon shaxmat Olimpiadasi mezbonligini qo`lga kiritish uchun barcha imkoniyatlar etarli ekani, faqat Olimpiadagacha yurtimizda bir nechta nufuzli musobaqalar hamda FIDE Kongressini o`tkazish maqsadga muvofiqligini bildirdi.

O`z navbatida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda MOQ mutasaddilari FIDE bilan chuqur hamkorlikni yo`lga qo`yishdan mamnun ekanliklarini ta`kidlashdi.

Ma`lumot uchun, FIDE prezidenti maslahatchisi Bereg Balgabaev yurtimizga tashrifi davomida poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi. Bu jarayonda mehmonga Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati hamrohlik qilgandi.

 

    Boshqa yangiliklar