Buxoroda qurilishi davom etayotgan binoda quruvchi kompaniyaning ish tashkil qilishdagi xatolari tufayli sodir bo`lgan portlash yana bir bor mamlakatimizda qurilish sohasini takomillashtirish, quruvchilar va qurilish sifatiga talablarni kuchaytirish zaruratini ko`rsatdi, deya yozmoqda deputat Alisher Qodirov.
"O`zbekistonda so`nggi 4 yilda qurilgan uy-joylar butun sovetlar davrida qurilgan uy-joydan 5 barobar ko`p. Bu juda katta o`sish, ish hajmi va aholi uchun ish o`rni. Aholining yillar davomida ko`rib ko`rmaslikka olib kelingan ehtiyoji qondirilmoqda. Lekin bu jiddiy mas`uliyat hamdir.
Bugun O`zbekiston qurilish bozorida 20 mingga yaqin tadbirkorlik sub`ektlari faoliyat ko`rsatmoqda. Ularning ko`p qismini belgilangan talabga javob berishi, xavfsizlik va sifatni ta`minlayotganiga ishonchimiz komil bo`lishi kerak. Ayniqsa hududlarda bu soha korrupsiya botqog`iga botib ketmagan deb baralla aytolmay qolyapmiz.
Yaqinda Qonunchilik palatasida qabul qilingan qonun bilan Ma`muriy javobgarlik Kodeksning 99-moddasiga qo`shimcha kiritildi. Unda qurilish sohasida nazorat qilish inspeksiyasining boshlig`i va uning hududiy inspeksiya boshliqlariga quruvchi kompaniyalar tomonidan qurilish talablarini buzayotganligi uchun jarima solish tariqasida ma`muriy jazo chorasini qo`llash, zarur bo`lsa qurilishni to`xtatib qo`yish huquqi berilmoqda. Lekin, inspeksiyalar ham bu qadar katta hajmni malakali va halol kuzatuvini olib boradilar deb kafolat berish qiyin.
Qurilish sohasida talablar keskin kuchaytirilishi kerak. Bu sohada eng tanlanganlar ishlasin. Mayli, ayrim hollarda tadbirkor vaqtdan yutqazsin, foydasi kamaysin, lekin fuqarolar mas`uliyatsizlik va be`etiborlikdan jabr ko`rmasinlar", - deya mulohaza qilgan "Milliy tiklanish" partiyasi lideri.