“Qishloq xo`jaligida bilim va innovasiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar ko`rsatishni yanada rivojlantirish to`g`risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko`ra, Qishloq xo`jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo`jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi tashkil etildi.
Milliy markaz barcha turdagi davlat ilmiy va OTMning qishloq xo`jaligi sohasida amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Qishloq xo`jaligi sohasida ta`lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integrasiyasini ta`minlash bo`yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati yo`lga qo`yildi.
Shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:
● 2021–2022 yillarda Milliy markazning Respublika agroxizmatlar markazi, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar agroxizmatlar markazlari;
● 2022 yildan boshlab bosqichma-bosqich qishloq tumanlarida Milliy markazning tuman agroxizmatlar markazlari.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 martdan, tajriba tariqasida, Milliy markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida tadbirkorlarni jalb etgan holda kichik ilmiy-innovasion korxonalar tashkil etiladi.
Farmon bilan Qishloq xo`jaligida bilim va innovasiyalar tizimini 2021-2025 yillarda ustuvor rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiya doirasida, jumladan, Milliy markaz huzuridagi 100 dan ortiq xizmatlarni ko`rsatish tizimini yo`lga qo`yish nazarda tutilgan.






