AsosiyJamiyat

2 tadbirkor ayolning Prezidentga murojaati butun tuman muammosini hal etadigan bo`ldi

'2 tadbirkor ayolning Prezidentga murojaati butun tuman muammosini hal etadigan bo`ldi'ning rasmi

Farg`ona viloyati Uchko`prik tumani “Boboshbek” mahallasi aholisi o`z xonadonlarida kichik ishlab chiqarishni yo`lga qo`yishgan. Deyarli har bir xonadonda ishlab chiqarishning qaysidir bir turi bilan shug`ullanishadi. Mahsulotlar xaridorgir, talab yuqori, faoliyatlarini kengaytirish uchun ham tadbirkorlarning o`z mablag`lari etarli...

XO`Sh, UNDA MUAMMO NIMADA?

Kecha 4 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoev Farg`ona viloyati Rishton tumanidagi Xalqaro kulolchilik markazida viloyatdagi tadbirkorlar bilan ham uchrashdi. Farg`ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrulla Bozorovning aytishicha, “Boboshbek” mahallasi aholisi tadbirkorlikda ancha faol. Lekin logistik jihatdan noqulay hudud. Mahalla ko`chalariga kirish yo`llari tor, yuk mashinasi uchun qiyinchilik tug`diradi. Uchko`prik tumanida tekstil mahsulotlarini sotish uchun bozor ham yo`q. 

Bu gaplarni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo`chqorov ham tasdiqladi:

Shu mahallaning o`zidan har xaftasiga  Xorazmga 4 “fura”, Urgutga 3 “fura”, Tojikistonga 1 “fura” kiyim-kechak mahsulotlari chiqib ketadi. Lekin tadbirkorlar o`z uylarida yaratgan ishlab chiqarish sharoitlari logistik talablarga javob bermayotgani uchun tadbirkorlarga noqulaylik tug`ilmoqda”. 

MAHALLADA IShSIZLIK YO`Q

Mahallamizda ishsizlar yo`q, - deydi Prezident bilan suhbatda tadbirkor Iroda Sodiqova, - Shu sababli boshqa mahalla va yondosh tumanlardan ishchilar jalb qilyapmiz. Uyimiz katta yo`l yoqasida joylashmagani bois, ularga ham ish joyiga etib kelish qiyinchilik tug`diryapti. Mahsulotlarimizga talab yuqori. Agar biz uchun sharoit qilib berilsa, ishlab chiqarishimizni bir necha barobarga oshirishga imkonimiz ham, mablag`imiz ham etadi. Mahulotlarimizni sotish uchun joy bo`lsa kifoya.”

TADBIRKORLARGA ER AJRATILADI

Prezident Shavkat Mirziyoev Uchko`prik tumanidagi ekin maydonlari o`rnida 15 gektargacha tadbirkorlar uchun logistik markaz tashkil etish bo`yicha Xayrulla Bozorovga topshiriq berdi. U erda mahsulotlar sotish uchun bozor, umumiy mahsulotlarni bo`yash kompleksi, yuk mashinalariga yuklash-tushirish maydoni quriladigan bo`ldi. 

KOMPLEKSNI KIM QURADI?

Aynan shu savol bilan Prezident mas`ullarga yuzlandi. Xayrulla Bozorovning aytishicha, kompleks tijorat banklari tomonidan to`liq quriladi. Bitganidan so`ng, tadbirkorlarga kredit asosida beriladi. 

Ushbu taklif barchaga ma`qul keldi. Mahsulotlarini sotish uchun er so`rab kelgan ikki tadbirkor ayolning murojaati ortidan Uchko`prik tumanida logistik markaz quriladigan bo`ldi. 

 

                                                                                                                    Sardorbek Rahmonqulov      

    Boshqa yangiliklar