O`zbekiston Respublikasining Vashington shahridagi diplomatik vakolatxonasi ma`lumotiga ko`ra, 9 fevral kuni o`zbek mumtoz adabiyoti va adabiy tilining asoschisi Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning 580 yillik tavallud ayyomi AQShda keng nishonlanadi.
Mazkur tadbirda Amerika Qo`shma Shtatlarining turli tashkilotlaridan ko`plab mutaxassislar ishtirok etishi va qiziqarli prezentasiya hamda ma`ruzalar qilishlari kutilmoqda.
Ular orasida Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining asoschisi va raisi Frederik Starr, Ogayo davlat universitetining Yaqin Sharq tillari va madaniyati kafedrasi mudiri, o`zbek tili dasturi rahbari Skott Levi, Abdulla Qodiriyning «O`tgan kunlar» asarini ingliz tiliga tarjimasi muallifi Mark Riz, AQSh Kongressi kutubxonasi Yaqin sharq boshqarmasi direktori Joan Viks, Jorj Vashington universiteti professori Laurel Grey kabi yurtimiz boy tarixi va madaniyatini chuqur o`rgangan olimlar nutq so`zlaydilar.
Anjumanni mamlakatimizning Vashingtondagi favqulodda va muxtor elchisi Javlon Vahobov va O`zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining o`rinbosari Kamola Akilova ochib beradi.
Tadbir mehmonlaridan biri «Yangi Devon» kitobi muallifi shoir Endryu Staniland Alisher Navoiy ijodi asosida ilhomlanib klassik uslubda yozilgan she`rlarini ishtirokchilar e`tiboriga taqdim etadi.
Bundan tashqari, AQShda istiqomat qilayotgan va o`zbek adabiy san`atiga befarq bo`lmagan qator O`zbekistonning amerikalik do`stlari Navoiy ijod mahsullarini o`qishda o`z mahoratlarini namoyish etishadi. Yakuniy qismda esa qisqa konsert dasturi ham joy egallagan.
Elchixona tomonidan tashkil etilayotgan anjuman barcha ishtirokchilarga ochiq bo`lib, unga quyidagi havola orqali ro`yxatdan o`tish mumkin:
Tadbir 9 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da, Vashington vaqti bilan 10:00 da boshlanadi.






