Bugun, 5 fevral kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n ikkinchi yalpi majlisi o`tkazilmoqda.
Senatning Axborot xizmatining xabar berishicha, majlisning kun tartibida 2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma`rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020 yildagi ijrosi bo`yicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitilgan.
Ta`kidlanishicha, Davlat dasturi doirasida jami 170 ta, shundan davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha - 20 ta, qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo`nalishida - 13 ta, iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo`nalishida - 63 ta, ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo`nalishida - 53 ta, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni ta`minlash hamda chuqur o`ylangan, o`zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo`nalishida 21 ta hujjat qabul qilingan.
Shuningdek,
Hisobot davrida yalpi ichki mahsulotning o`sishi o`tgan yilga nisbatan 101,6 foizni, shundan, sanoat - 100,7 foizni, xizmatlar - 102,3 foizni, qishloq, o`rmon va baliqchilik xo`jaligi - 103,0 foizni tashkil qilgan.
Savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlari faoliyatining pandemiya sharoitida cheklanishi joriy yilda savdo aylanmasiga hamda xizmatlar sohasining rivojlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatgan. Jumladan, savdo aylanmasi hajmi 194,8 trln. so`mni tashkil qilib, o`tgan yilga nisbatan 103,2 foizga bajarilgan.
Jami xizmatlar hajmi 218,9 trln. so`mni tashkil etib, o`tgan yilga nisbatan 102,3 foizga o`sgan. Moliya sohasida 25,6 foiz, aloqa va axborotlashtirish sohasida 115,3 foiz, ta`lim sohasida 7,4 foiz ko`rsatilgan xizmatlarda yuqori o`sish qayd etilgan.
Koronavirusga qarshi kurashish bo`yicha tadbirlarni moliyalashtirishga 3 trln. 962 mlrd. so`m, ijtimoiy va infratuzilma ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya qilishi va kapital ta`mirlashga 3 trln. 423 mlrd. so`m, korxonalarni moliyaviy ko`llab-quvvatlashga 2 trln. 485 mlrd. so`m, aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlashni kengaytirishga 1 trln. 340 mlrd. so`m, sog`liqni saqlash ob`ektlarini qurish va zarur infratuzilmani yaratishga 1 trln. 22 mlrd. so`m, mahalliy byudjetlar va pensiya jamg`armasi yo`qotishlarini qoplashga 595 mlrd. so`m miqdorida mablag`lar sarflangan.
Hisobot davrida xorijiy investisiyalar va kreditlar hisobidan 9,8 mlrd. AQSh dollari miqdorida mablag`lar o`zlashtirilgan.
2020 yilda 197 ta yirik loyiha ishga tushirilgan. Natijada jami 38 mingdan ortiq yangi ish o`rinlari yaratilgan.
Shu bilan birga, Davlat dasturining 58 ta bandi ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari mas`ul idoralar tomonidan ko`rib chiqilmoqda, 20 ta band ijro muddati uzaytirilgan.
Majlisda senatorlar tomonidan Dasturda belgilangan vazifalarning hududlar kesimida o`z vaqtida va sifatli bajarilganligi bo`yicha o`rganishlar o`tkazish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda ish olib borish lozimligi ta`kidlandi.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilingan.






