“Suhbatlar davomida o`quvchi qizlarga bolalar ginekologi tomonidan qizlarning 16-18 yoshlarda ona bo`lishi salbiy oqibatlarga olib kelishi to`g`risida tushintirish beriladi”. Xalq ta`limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 238-maktabning 9-11-sinf o`quvchi qizlari bilan bolalar ginekologi tomonidan o`tkazilgan suhbat turli xil bahs-munozaralarga sabab bo`ldi.
Xalq ta`limi vazirligi ushbu holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda erta tug`ruqlarni oldini olish, yoshlarning reproduktiv salomatligini asrash, jinsiy zo`ravonliklarni profilaktika qilish borasida keng ko`lamli ishlar olib borilmoqda.
Erta turmush va tug`ruq holatlari hamda oilaviy ajrimlar bilan bog`liq muammolarni oldini olish maqsadida Uchtepa tuman tibbiyot birlashmasi bolalar ginekologi tomonidan 238-maktabning yuqori 9, 10, 11-sinf o`quvchi qizlari ishtirokida o`tkazilgan davra suhbati ana shunday ishlarning mantiqiy davomi bo`ldi.
“Erta va qarindoshlar o`rtasidagi nikohning oldini olish va erta homiladorlikning salbiy oqibatlari” mavzusida o`tkazilgan davra suhbati O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Erta turmush va erta tug`ruq holatlari hamda ajralishlar bilan bog`liq muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari” to`g`risidagi qarori hamda Sog`liqni saqlash vazirining buyruqlari asosida tashkil qilinmoqda. Bu kabi o`smirlik fiziologiyasi, reproduktiv salomatlikka oid suhbatlarni barcha umumta`lim muassasalarining yuqori sinf o`quvchilari bilan rejaga muvofiq o`tkazish belgilangan.
Suhbatlar davomida o`quvchi qizlarga bolalar ginekologi tomonidan qizlarning 16-18 yoshlarda ona bo`lishi salbiy oqibatlarga olib kelishi, ko`p hollarda bunday yoshdagi qizlarning sog`lom farzandni dunyoga keltirishida turli muammolar kelib chiqishi to`g`risida tushuntirishlar berib boriladi.