AsosiyJamiyat

Xorazmda mast holatdagi evakuator haydovchisiga YPX xodimlari indashmaganiga izoh berildi (video)

'Xorazmda mast holatdagi evakuator haydovchisiga YPX xodimlari indashmaganiga izoh berildi (video)'ning rasmi

Joriy yilning 4 fevral kuni ijtimoiy tarmoqda “Mast holatdagi evakuator haydovchisiga YPX xodimlari indashmadi” sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi.

Video lavha o`rganilganda, joriy yilning 4 fevral kuni soat 22:00larda, Xorazm viloyati, Xonqa tumani hududidan o`tgan 4R-156 avtomobil yo`lining 13-kilometriga belgilangan taqsimot asosida xizmatga jalb etilgan YPX xodimi A.Sobirov tomonidan haydovchi, 1999 yilda tug`ilgan A.A. boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomobil to`xtatilgan.

Tekshiruv davomida haydovchi tomonidan me`yoriy hujjatlar taqdim etilmagani sabab, YPX xodimi tegishli chora ko`rish maqsadida avtomobilni jarima maydonchasiga olib borish uchun maxsus evakuatorni chaqirgan.

Avtomobil evakuatorga ortilgandan so`ng, haydovchi A.A. va uning boshqaruvida bo`lgan avtomobil yo`lovchilari tomonidan evakuator haydovchisi mast holatda ekanligi aytilib, e`tiroz bildirilgan.

Evakuator haydovchisi Sh.K. ushbu vaqtda boshqaruvni birga kelgan sherigi M.O.ga topshirgan. Shundan so`ng, soat 23:15larda evakuator haydovchisining mastlik holati “Alkotester” moslamasi yordamida tekshirib ko`rilganda, haydovchi tomonidan chiqarilgan havodagi etanol bug`lari konsentrasiyasi ko`rsatkichi 0.124 milligrammni ko`rsatganligi ma`lum bo`lgan.

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sudi va Bosh prokuraturasining 2018 yil 20 noyabrdagi 52, 74, 11-192-18, 68-qq-son qaroriga ilova qilingan “Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to`g`risida”gi Nizomning 2-bob, 10-bandida “Transport vositasi haydovchisi tomonidan chiqarilgan havodagi etanol bug`lari konsentrasiyasi ko`rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori bo`lgan hollarda DYHXX xodimi haydovchiga nisbatan alkogolli ichimlik iste`mol qilganligi fakti yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 131-moddasiga muvofiq ma`muriy bayonnoma rasmiylashtiradi” deb belgilanganligi sabab haydovchi mast holatda ekanligi tasdiqlanmagan.

Video lavhada aks etgan holatlar yuzasidan Xorazm viloyati IIB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilib, qo`shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi IIV YHXBB Axborot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar