Fuqarolar nomiga iste`mol kreditlari rasmiylashtirib o`zlashtirgan bank filiali sobiq rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Quyichirchiq tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, AT “Xalq banki” Do`stobod filiali sobiq rahbari va boshqalar 2019-2020 yillarda 6 nafar fuqaroning xabarisiz hujjatlarni soxtalashtirib, ularning nomiga jami 119,1 mln so`m iste`mol kreditlarini rasmiylashtirib, kredit mablag`ini ushbu fuqarolar nomiga ochilgan plastik kartalarga o`tkazish orqali naqdlashtirib, o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan bank filiali sobiq boshqaruvchisi B.O. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi va 209-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






