Buxoro Markaziy dehqon bozorida internet nashri vakillariga to`sqinlik qilingani aks etgan video tarqalgan edi.
Holat yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.
Viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yilning 6 fevral kuni “Bukhara News” internet nashri vakillarining qonuniy faoliyatiga Markaziy bozor ma`muriyati tomonidan to`sqinlik qilinganligi holati o`rganib chiqildi.
“Bukhara News” internet nashri 11.10.2019 yilda ommaviy axborot vositasi sifatida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Davlat ro`yxatidan o`tkazilgan.
Aniqlanishicha, “Bukhara News” internet nashri xodimlari tomonidan “Buxoro Markaziy dehqon bozori”da “Viloyatda ishga kirish” mavzusida aholi orasida ijtimoiy so`rovnoma o`tkazilayotgan vaqtda bozor nazoratchilari T.R va M.A tomonidan ularga to`sqinlik qilinib, ularning qo`llaridagi mikrofon va uyali aloqa telefonlari olib qo`yilgan.
Shuningdek, “Bukhara News” internet nashri xodimlari Sh.H va D.A lar bilan o`tkazilgan suhbat davomida nazoratchilar T.R va M.A lar ularni haqorat qilib, bozordan chiqarib yuborganliklarini bildirishdi.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






