Respublika idoralararo komissiyasi tomonidan olib borilgan o`rganishdan keyin o`z lavozimiga qaytgan Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilovning muddatidan oldin nafaqaga chiqarilgani aytilmoqda.
Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov o`z xohishiga ko`ra lavozimidan ozod qilingan.
Eslatib o`tamiz, avvalroq unga nisbatan hayfsan e`lon qilingan edi.
Jasur Fozilovga nisbatan xizmat tekshiruvi yakunlangani munosabati bilan Bosh prokurorning buyrug`iga asosan shahar prokurori 2020 yil 19 dekabrdan xizmat vazifasini bajarishga kirishgandi.
2020 yilning 11 dekabrida Jasur Fozilov Shavkat Mirziyoev va Prezident Administrasiyasi rahbariga videomurojaat yo`llab, xizmat tekshiruvi aslida bosh prokurorga aloqador bo`lgan «Mustahkam Qurilish Development» qurilish kompaniyasi vakilini so`roq qilishga chaqirishi ortidan boshlanganini aytgan edi.
Shundan so`ng Bosh prokuratura munosabat bildirib, holat va prokurorning vajlari o`rganib chiqilishi hamda xabar berilishini qayd etgandi. Mazkur holatni o`rganish maqsadida Respublika idoralararo komissiyasi tuzilib, xizmat tekshiruvi Prezident Administrasiyasi boshchiligida o`tkazilishi ma`lum qilingan edi.






