Xabariniz bor, yaqinda Koson hokimining xizmat mashinasi odam urib yuborgani, mashinani hokimning o`zi yoki o`g`li boshqargani haqida har xil xabarlar tarqalgandi.
“Nasafnews” muxbiriga tuman hokimi Asrol Boykaraevning aytishicha, 2020 yil 12 dekabr kuni haydovchi vazifasini vaqtincha bajarish yuklatilgan Rahim Jo`raev yo`lning chap tomonidan o`ng tomoniga kesib o`tayotgan piyodani «Kaptiva»da urib yuborgan.
U bergan ma`lumotga ko`ra, haydovchi voqea joyidan qochib ketmagan.
«Endi yana bir savolga aniqlik kiritib o`tsam, tuman hokimi mashina ichida bo`lgan degan gaplar ham tarqatildi. Men mashinani ichida bo`lsam, voqeaga guvoh bo`lsam buni yashirmayman. Ammo voqeaga guvoh bo`lmasdan turib, guvoh bo`ldim deb ham aytolmayman.Nega mashinani tuman hokimi haydovchisi emas, uning birinchi o`rinbosari haydovchisi boshqargan degan savollar ham tug`ilishi mumkin. Tuman hokimi haydovchisi sog`ligida muammosi borligi tufayli davolanishga chiqqandi. Kasallik tarixi ham tuman tibbiyot birlashmasida qayd etilgan. Shu tufayli vaqtincha mening xizmat mashinamni boshqarish huquqi birinchi o`rinbosarimning haydovchisi Rahim Jo`raevga yuklatilgan.U ham kimnidir atayin urib yubormagan. Uning ham yoshi katta, tajribali haydovchi. Bolalari, nevaralari bor. Hozirda unga ham oson emas.
To`g`ri, yaqin insonidan ayrilish hammaga ham og`ir botadi. Shu bois Koson tumani hokimligi mazkur oilaga hamdardlik bildirib kelgan va ularni yolg`izlatib qo`ymasligini eslatib o`taman. Bir necha bor, vafot etgan fuqaroning o`g`li bilan, oila a`zolari bilan suhbatlashdim. Hamdardlik bildirdim. Bundan keyin ham ularni tashlab qo`ymaymiz», – deya fikr bildirgan hokim.
Asrol Boykaraevning qo`shimcha qilishicha, holat bo`yicha tergov ishlari yakunlangan.
«Shu o`rinda voqea ijtimoiy tarmoqlarda noto`g`ri talqin qilinishiga o`zimiz ham aybdormiz. Hokimlik axborot xizmati voqea bo`yicha ma`lumotni vaqtida bermagan. Vaqtida bermaganiga sabab , hali tergov yakunlanmagandi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi ma`lumotini kutgan. Agar o`shanda bizdan holat bo`yicha bog`langan muxbirga to`liq ma`lumot berganimizda ayrim mish-mishlarga asos qolmasdi. Lekin yana bir jihatni ham e`tiborga olishlaringizni so`rardim. Voqea tergov bilan bog`liq jarayon. Shu tufayli biz tergov xulosasisiz aniq bir ma`lumotni e`lon qilolmasdik. Hozirda tergov yakunlangan. R. Jo`raevga qo`zg`atilgan ish sudga o`tkazilgan», – dedi tuman hokimi.
Mavzuga doir:
Qashqadaryoda hokimning xizmat mashinasi urib ketgan yo`lovchi voqea joyida vafot etdi






