AsosiyJamiyat

Hafta davomida kutilayotgan ob-havo ma`lumoti e`lon qilindi

'Hafta davomida kutilayotgan ob-havo ma`lumoti e`lon qilindi'ning rasmi

Respublika Gidrometeorologiya xizmati boshlangan hafta uchun ob-havo ma`lumotini taqdim etdi.  Unga ko`ra bugun beqaror ob-havo saqlanib turadi, O`zbekistonning ko`p qismida havo bulutli bo`ladi, ba`zi joylarda yomg`ir yog`adi, respublikaning tog` oldi va tog`li hududlarida kuchli bo`lishi mumkin, baland tog`larda qor yog`adi. Faqat Qoraqalpog`istonda, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida quruq ob-havo saqlanib turadi. 

Havo harorati kunduz kuni 10-15 daraja iliqni, eng janubda 17-20 daraja iliqqacha, respublikaning shimolida 5-10 daraja iliqni tashkil etadi.

Ertaga Toshkent, Andijon, Namangan, Farg`ona viloyatlarida asosan kunning birinchi yarmida yog`ingarchilik bo`ladi. Harorat foni o`zgarmaydi.

Haftaning o`rtasida Qozog`iston hududlaridan yana nam havo massalari o`tadi va u O`zbekistonning shimoliy qismiga kiradi.

Chorshanba kuni Qoraqalpog`istonda va Xorazm viloyatida, payshanba kuni Toshkent, Andijon, Namangan, Farg`ona viloyatlarida ba`zi joylarda biroz yomg`ir yog`ishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog`ingarchilik kutilmaydi.

Termometr ustuni kunduz kunlari 15-17 daraja iliqqacha, janubda 20 daraja iliqqacha ko`tariladi.

Juma kuni O`zbekistonning barcha hududlarida asosan kam bulutli ob-havo bo`ladi, havo harorati fevral oyiga qaraganda mart oyining oxiri va aprel oyining boshiga ko`proq xosdir. Kunduz kuni havo 17-20 daraja iliqqacha, janubda va cho`l hududlarida 22 daraja iliqqacha isiydi.

Hafta davomida respublikaning tog`li hududlarida qor ko`chishi xavfi saqlanib turadi.

Boshqa yangiliklar