1

4 milliard so`mlik tovarlarni noqonuniy olib kirish uchun bojxona xodimiga pora berishga uringan shaxs qo`lga olindi

Jinoyat 09.02.2021, 19:57
4 milliard so`mlik tovarlarni noqonuniy olib kirish uchun bojxona xodimiga pora berishga uringan shaxs qo`lga olindi

4 milliard so`mlik tovarlarni noqonuniy olib kirish uchun bojxona xodimiga pora berishga uringan shaxs qo`lga olindi. Bu xaqda "Darakchi.uz"ga Davlat Bojxona qo`mitasi Axborot xizmati xabar berdi.

Bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu illatga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o`z samarasini bermoqda.

Davlat bojxona qo`mitasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va o`z xavfsizlik boshqarmasi hamda Toshkent shahar va Farg`ona viloyati bojxona boshqarmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan ko`p bosqichli tezkor tadbir davomida, davlat byudjetiga undirilishi lozim bo`lgan bojxona to`lovlarini to`lamaslik maqsadida bojxona xodimiga pora berishga uringan shaxsning kirdikorlari fosh etildi.

Ushbu shaxs tomonidan muqaddam respublikamizga 1 ta konteynerda tovar-moddiy boyliklar olib kirilganida, ma`lumotlar va yuklar o`rtasidagi tafovutlar sabab, konteyner Farg`ona viloyatidagi manzil bojxona postigaqadar bojxona kuzatuvi ostida etkaziladi, belgilangan tartibda bojxona ko`rigi o`tkaziladi va bu jarayonda 800 mln. so`mlik tovarlar yo`l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko`rsatilmagani fosh bo`ladi hamda belgilangan tartibda bojxona to`lovlari undiriladi.

Bojxona nazoratining bu kabi shakllari tabiiyki, tadbirkorning bojxona xodimlari ko`zini shamg`alat qilish imkonini bermasdi. Shu bois keyingi gal yuklarni olib kirishda ushbu shaxs bojxona to`lovlaridan qochishga urinib, bojxona xodimlarini yo`ldan og`dirish rejasini tuzadi.

2020 yilning dekabr oyida bojxona xodimlaridan birining telefon raqamlarini topib qo`ng`iroq qiladi va uchrashib gaplashib olishni taklif qiladi.

O`zaro uchrashishganida esa ushbu shaxs tez kunlarda unga tegishli konteynerlar xorijdan etib kelishini va mazkur konteynerlarni bojxona postiga o`rnatilgan inspeksion ko`rik majmuasi orqali skanerdan o`tkazmaslikni hamda “Xavfni boshqarish tizimi”da xavf guruhiga kiritmaslikni so`raydi. Aks holda ushbu konteynerlar bojxona ko`rigidan o`tkazilishi mumkin edi. Shu sababli, notanish shaxs bojxona xodimiga pora taklif qiladi. 

Ammo, o`z ishiga vijdonan yondoshgan bojxona xodimi kasbiga sadoqat  namunasini ko`rsatib, belgilangan tartibga muvofiq zudlik bilan bu haqida o`z rahbariyatini xabardor qiladi. Shundan so`ng, pora taklif qilgan shaxsning jinoiy harakatlarini fosh qilishga qaratilgan reja-topshiriq ishlab chiqiladi.

2021 yil yanvar oyining boshlarida “tadbirkor” bojxona xodimiga jami 9400 AQSh dollari va 1 dona qimmatbaho qo`l soatini pora tariqasida beradi. Tezkor tadbir aynan shu erga kelganida tugatilishi mumkin edi, ammo bu vaqtda konteynerlar hali O`zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelmagani bois tezkor tadbirning ikkinchi bosqichiga start beriladi.

2021 yilning 14-15 yanvar kunlari kutilgan 3 ta konteyner “Chuqursoy texnik idora” chegara-bojxona posti orqali respublikamizga kirib keladi va belgilangan tartibda inspeksion ko`rik majmuasi orqali ko`zdan kechiriladi. 

Tabiiyki, konteynerdagi yuklar bilan ularga tegishli hujjatlar o`rtasida tafovutlar aniqlanadi hamda chuqurlashtirilgan bojxona ko`rigidan o`tkazish belgilanadi.

Yuklarni bojxonada rasmiylashtirish uchun yuk egalarining xohishiga binoan konteynerlar Farg`ona viloyatidagi “Qo`qon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yo`naltiriladi. Ushbu postga etgunga qadar konteynerlar bojxona plombalari bilan muhrlangan holatda bo`ladi va ularni yo`l davomida ochish mumkin emas. 

Lekin, konteynerlar Dang`ara tumanidagi qishloqlardan biriga keltirilgach, ko`zdan pana joyda ulardagi plombalarga shikast etkazilmagan holatda ochiladi hamda konteynerdagi qiymati baland bo`lgan tovarlar – velosipedlar va ularning ehtiyot qismlarini qiymati past bo`lgan boshqa tovarlarga almashtirishayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan fosh qilinadi.

Shuningdek, bu erda konteynerning temir asoslarini kesib ochishda foydalanilgan moslamalar, bunda qirilgan va rangi ko`chgan qismlarni bo`yash uchun bo`yoq va boshqa ashyoviy dalillar ham olindi. 

Shunday qilib, voqea joyida tezkor xodimlar tomonidan qiymati 4 mlrd. 160 mln. so`mlik 2200 dona bolalar, 800 dona kattalar, 327 dona turli o`lchamdagi velosiped tovarlari, velosiped ehtiyot qismlari va boshqa tovarlar, shuningdek, pora tariqasida taqdim qilingan 9400 AQSh dollari va 1 dona qo`l soati holatga aniqlik kiritilgunga qadar huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1