AsosiyJamiyat

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan rektorlarni tanqid qildi

'Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan rektorlarni tanqid qildi'ning rasmi

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulovning rektorlar, prorektorlar va tizimdagi boshqa mas`ul rahbarlar bilan birinchi yig`ilishi kengaytirilgan tarkibda videokonferensiya tarzida o`tkazilib, unda oliy ta`limning hozirgi holati, muammolar va tizimni yaxshilash bo`yicha dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Tanqidiy ruhda va atigi bir soat davom etgan yig`ilishda vazirning qisqa fursatda Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Farg`ona viloyatiga qilgan xizmat safari davomida hududdagi OTMlar jamoasi va talabalar bilan bo`lgan muloqot, o`quv jarayonlari va yaratilgan sharoitlarni o`rganish tafsilotlariga to`xtalib o`tildi.

Ayniqsa, Qo`qon davlat pedagogika institutida o`quv auditoriyalarining ayanchli holati, eski o`quv reja va dasturlar bilan ishlayotgan pedagoglar, institutning moddiy imkoniyati mavjud bo`lsa-da, ahvolni o`zgartirishga harakat qilmayotgan institut rahbariyati tanqid qilinib, o`z ishiga  sovuqqonlik bilan qaragan mas`ullar faoliyatiga huquqiy baho berish bo`yicha topshiriq berildi.

Yig`ilishda o`quv jarayonlariga zamonaviy AKTni joriy etish, ARMlar elektron tizimidagi muammolar, OTMlarda hanuzgacha saqlanib qolayotgan korrupsion holatlar, jumladan,  nomdor davlat stipendiyalariga nomzodlarni saralashda ayrim OTM mas`ullari tomonidan adolatsiz yondashilgani, xususan, nepotizm holatlariga yo`l qo`yilganligi yuzasidan shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda e`tirozlar bildirilayotgani aytilib, holatni o`rganish va oydinlik kiritish maqsadida ishchi guruh tuzulishi bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

    Boshqa yangiliklar