Ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekiston fuqarolarining vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug`ullanish maqsadida Rossiya hududiga kirishi uchun ruxsatnoma olib berish bo`yicha xizmatlar taklif etilmoqda.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi matbuot kotibining bayonotiga ko`ra, chet el fuqarolarining Rossiyaga kirishi bo`yicha Rossiya Federasiyasi Hukumatining 2020 yil 16 martdagi N 635-r-sonli «Rossiya Federasiyasiga chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning kirishini vaqtincha cheklash, vizalar va taklifnomalarni berishni vaqtincha to`xtatib turish to`g`risida»gi farmoyishi bilan qator cheklovlar joriy etilgan.
" - Ushbu farmoyish bugungi kunga qadar amalda va yurtdoshlarimizning individual tarzda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug`ullanish maqsadida Rossiya hududiga kirishiga ruxsat yo`q. Faqatgina Rossiya Hukumatining koronavirusga qarshi shtabi tomonidan chegara xizmatlariga taqdim etilayotgan ro`yxat asosida tashkiliy tarzda ishga yuborilayotgan shaxslar ushbu mamlakatga kiritilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo`lgan chet el fuqarosining vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug`ullanishi uchun Rossiya hududiga kirish huquqini beruvchi ruxsatnomaning mazkur shakli viza talab etiladigan davlatlar fuqarolariga beriladi. MDH, shu jumladan, O`zbekiston fuqarolari uchun esa ruxsatnomaning mazkur shakli tadbiq etilmaydi.
Shu o`rinda yurtdoshlarimizdan Rossiya Federasiyasi hududiga olib kirib qo`yish xizmatlarini taklif etayotgan shaxslarga ishonmasliklarini va turli yo`llar bilan ushbu mamlakatga noqonuniy kirib borishga urinmasliklarini tavsiya qilamiz.
Rossiyada ishlash va ishlash maqsadida ushbu davlatga borish tartibi haqida ma`lumotlar olish uchun yurtdoshlarimiz Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga murojaat qilishlari mumkin", deyiladi bayonotda.






