AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Afg`oniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

'Shavkat Mirziyoev Afg`oniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 10 fevral kuni Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G`ani bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar berdi. 

Ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.

Prezident Ashraf G`ani davlatimiz rahbariga Afg`onistonda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash, ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklash masalalarida ko`rsatilayotgan har tomonlama ko`mak uchun birodar Afg`oniston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari O`zbekiston, Afg`oniston va Pokiston hamda etakchi xalqaro moliyaviy institutlarning yuqori darajadagi vakillari ishtirokida o`tgan Transafg`on transport yo`lagini qurish loyihasini ilgari surish bo`yicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi yig`ilishi muvaffaqiyatli bo`lganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ushbu loyihani amalga oshirishni, shu jumladan texnik hujjatlarni tayyorlashni va qurilish ishlarini boshlash muhim ekani ta`kidlandi.

Prezidentlar sa`y-harakatlarni birlashtirib, yangi “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini barpo etish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldilar. Shu maqsadda rejalashtirilgan ishlarning bajaralishini muvofiqlashtirishning ikki tomonlama mexanizmi yaratiladi, uning doirasida har oy videoanjumanlar o`tkazib boriladi.

Shuningdek, ko`p qirrali O`zbekiston-Afg`oniston munosabatlarini, shu jumladan neft-gaz tarmog`ida, ta`lim sohasida, texnik ixtisosliklar bo`yicha malakali afg`onistonlik kadrlarni tayyorlash borasida kengaytirish imkoniyatlari ko`rib chiqildi.

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligiga bag`ishlab joriy yil mart oyida Hirot shahrida o`tkaziladigan bayram tadbirlarida O`zbekiston delegasiyasi ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bo`lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlar va muloqotlar rejasi yuzasidan ham fikr almashildi.

Prezidentlar “Yo`l xaritasi” va ustuvor investisiya loyihalarining amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish va samarali ilgari surish maqsadida qo`shma hukumat guruhini shakllantirish topshirig`ini berdilar.

O`zbekiston va Afg`oniston etakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, konstruktiv va do`stona muhitda o`tdi.

Boshqa yangiliklar