Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston bo`ylab sayohat qilish xarajatlarining bir qismini qaytarish mexanizmini joriy qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori muhokamaga qo`yildi.
Hujjatga muvofiq, O`zbekiston bo`ylab sayohat qilish xarajatlarining bir qismini O`zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan qaytarish tartibi to`g`risidagi Nizom hamda subsidiyalanadigan avia va temir yo`l qatnovi yo`nalishlarini belgilash, avia va temir yo`l chiptalari hamda joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari narxlarini kelishish bo`yicha Maxsus komissiya tarkibi tasdiqlanmoqda.
Maxsus komissiya:
— yo`lovchi tashuvchilar, turoperator va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning Maxsus komissiyaga kiritgan takliflariga asosan subsidiyalanadigan avia va temir yo`l qatnovlar yo`nalishlari hamda chipta narxlarini belgilash;
— Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi takliflariga asosan turoperator va turagentlarning joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari narxining eng yuqori miqdorini belgilaydi.
Shuningdek, avia va temir yo`l chiptalari hamda joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari narxlari hamda subsidiyalanadigan avia va temir yo`l qatnovlari yo`nalishlari ro`yxati ham Maxsus komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
Loyihada O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi subsidiyalanadigan avia va temir yo`l chiptalari hamda joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari xarajatlarining bir qismini 2021 yilda O`zbekiston Respublikasi respublika byudjetining qo`shimcha manbalaridan qaytarishi va 2022 yilda Davlat byudjeti parametrlarida buni nazarda tutishi lozimligi belgilangan.
Shu bilan birga hujjatda O`zbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablag`lari hisobidan:
— turoperator va turagentlarga avia va temir yo`l chiptalari hamda joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari xarajatlarining bir qismini qaytarish O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan;
— aviatashuvchiga subsidiya ajratish O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan amalga oshirilishi qayd etilgan.
https://regulation.gov.uz/uz/d/29105 havolasi orqali hujjat bilan atroflicha tanishish hamda muhokamada ishtirok etish mumkin.






