AsosiyJamiyat

Kelinlik uyida ro`yxatda turmagan kelinlar bolasi bilan ko`chada qoladimi?

'Kelinlik uyida ro`yxatda turmagan kelinlar bolasi bilan ko`chada qoladimi?'ning rasmi

"Darakchi" tahririyatiga Farg`ona viloyati O`zbekiston tumanidan fuqaro T.Sodiqov murojaat kelib tushdi:  

— 2003 yil qizimni turmushga berganman. Er-xotin bo`sh er sotib olib, uy qurishgan. 4 nafar farzandli bo`lishdi. 2006 yil kelin bo`lib tushgan uyi sotilib, ro`yxatdan o`chgan va pasportini yangilagan. Ammo pasportda ro`yxatga olingani haqida ma`lumot yo`q. Eri va bolalari ham u uyda ro`yxatga olinmagan. Uyni kadastr hujjati yo`q, deb bahona qilingan. Asli boshqa uyda yashaydigan qaynonasining nomiga kadastr hujjati qilingan. Oilaviy sabablarga ko`ra, qizim va bolalari 2015 yil dekabridan biz bilan yashaydi. 2016 yilda uy-joy masalasida quda tarafga murojaat qilganimizda, “ro`yxatda yo`qsan”, degan javobni berishdi. 4 nafar bolasi bilan ko`chada qolaveradimi?  

Fuqaroning murojaatiga javob olish maqsadida Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudi sudyasi Jasur SIROJEV bilan bog`landik...  

— Oila kodeksining 23-moddasiga asosan, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo`lajak er-xotinning umumiy mablag`lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko`rsatilmagan bo`lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 481-moddasiga asosan, ko`chmas mulkni sotish shartnomasiga binoan ko`chmas mulkka bo`lgan mulk huquqining sotib oluvchiga o`tganligi davlat ro`yxatidan o`tkazilishi lozim.

Yuqoridagi holat bo`yicha agarda ko`chmas mulk sotib olinishida amaldagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilgan holda, ko`chmas mulk sotib olingan bo`lsa, shuningdek, ushbu ko`chmas mulk tegishli tartibda davlat ro`yxatidan o`tgan bo`lsagina, ushbu mulk bo`yicha nizolashishga yo`l qo`yiladi.

Ma`lumot tariqasida bildiriladiki, amaldagi Uy-joy kodeksining 32-moddasiga asosan, uy, kvartira mulkdorining oila a`zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko`chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo`lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o`zlarining voyaga etmagan farzandlarini ko`chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a`zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko`chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a`zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o`rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.

Yuqoridagi holat bo`yicha, agarda fuqaro turar joyda doimiy ro`yxatdan o`tmagan holatda istiqomat qilib kelayotgan vaqtda, tegishli ravishda uy-joy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirish davomida doimiy ro`yxat asosisiz yashab kelayotgan va mulkdor bo`lmagan fuqaroning roziligi talab etilmaydi.

Sadoqat ALLABERGANOVA

    Boshqa yangiliklar