AsosiyJamiyat

Notanish kimsalar tomonidan xavfli tibbiy niqoblar bepul tarqatilayotgani rostmi?

'Notanish kimsalar tomonidan xavfli tibbiy niqoblar bepul tarqatilayotgani rostmi?'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda, telegram kanallarda tibbiy niqoblari bilan bog`liq turli audioxabarlar tarqalmoqda. Unda aytilishicha, ko`chada o`g`rilikning yangi ko`rinishdagi usuli paydo bo`lgan. Ya`ni, notanish odamlar eshikma-eshik yurib, tibbiyot niqoblarini tekinga tarqatib, yangi niqob ishlab chiqarayotganligini va har jihatdan odam yuziga mos tushishi yoki yo`qligini aniqlab berishni so`rashayotgan ekan.

Shuningdek, ovozli xabarda bu kabi yuz niqoblarini aslo taqib ko`rmaslikni, mazkur niqobga narkotik ta`sirga ega kimyoviy vositalar bilan ishlov berilgani, xloroform sepilgani ham aytilmoqda. Xloroform odamni hushdan ketqizadi, bu orqada talonchilar uyni tunayotganliklarini aytib, ogohlikka chaqirgan. Bundan tashqari, xabarda bu kabi holatlar asosan Sergeli tumanida uchrayotgani alohida qayd etib o`tilgan.

Biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIB matbuot xizmati bilan bog`landik. Matbuot xizmati tomonidan tarqalgan xabar haqiqatdan yiroq ekanligi, bu kabi holatlar yuz bermaganligi aytildi.

Hurmatli yurtdoshlar, har qanday yolg`on xabarlarga ishonib vahimaga tushmaslikni so`raymiz. Mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz soxta ma`lumotlarni tarqatmaslikni, vahima va mish-mishlar manbai bo`lmaslikni, agarda sizda biror-bir ma`lumot bo`lsa, Ichki ishlar organlari bilan bog`lanib, uni aniqlashtirib olishingizni so`raymiz, deyiladi Toshkent shahar IIb matbuot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar