1

Toshkentda uka nima sabab akasining qotiliga aylandi?

Jinoyat 11.02.2021, 22:32
Toshkentda uka nima sabab akasining qotiliga aylandi?

Oilali, 5 nafar farzandning otasi bo`lgan Abduvoris Mo`minov (ism-familiyalar o`zgartirilgan) kechga qadar o`zi yashab kelayotgan Olmazor tumanidagi uy oldida ko`p miqdorda spirtli ichimlik iste`mol qiladi. “Ko`za kunda emas, kunida sinadi”, deganlaridek A.Mo`minov bu zararli odatining badalini jondan aziz jigari bilan to`ladi... Bu haqda Toshkent shahar sudining jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo`yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova xabar qildi...

Soat taxminan 22:30 larda akasining uyiga chiqib, jiyani bilan janjallashganida, janjal mehmonlar va boshqa qarindoshlarning harakatlari bilan bartaraf qilinadi. A.Mo`minov hamda uning oila a`zolari ko`chaga chiqarib yuborilib, hovli darvozasi ichkaridan qulflab qo`yilgan.

So`ng, A.Mo`minov o`zini haqoratlangan va kamsitilgan deb hisoblab, buning uchun akasi va jiyanini qasddan o`ldirish yo`li bilan o`ch olishni maqsad qiladi. Mashinasida olib yurgan pichoq bilan qurollanib, orqa tomonda joylashgan garaj eshigi orqali akasining hovlisiga qaytib kiradi. Mehmonlar bilan o`tirgan jiyanini oldiga chaqirib, yaqinlashganida, o`ta shafqatsizlik bilan yaqin qarindoshlarining ko`z o`ngida qo`lidagi pichoq bilan unga bir necha bor ketma-ket tan jarohatlari etkazadi.

Ushbu holatni ko`rgan akasining o`g`li yugurib kelib, uni tinchlantirish va jinoiy harakatlarini oldini olishga uringan vaqtda sudlanuvchi uni ham qasddan o`ldirish maqsadida uning ko`krak qafasi orqa qismiga qo`lidagi pichoq bilan urib, tan jarohati etkazgan. Ikki nafar jabrlanuvchiga o`z vaqtida malakali tibbiy muolajalar ko`rsatilgani natijasida, ularning hayotlari saqlab qolingan.

Shuningdek, sudlanuvchi jinoiy harakatlarini davom ettirib, ikki nafar qarindoshini takroran qasddan o`ldirish maqsadida ularga pichoq bilan tan jarohatlar etkazayotganini ko`rgan akasi uning jinoiy harakatlarini to`xtatib, o`g`li va jiyanining hayotlarini saqlab qolish uchun oldiga boradi. Sudlanuvchi akasini qasddan o`ldirish maqsadida, yaqin qarindoshlarining ko`z o`ngida uning hayoti uchun xavfli bo`lgan organlariga qo`lidagi pichoq bilan urib, tan jarohati etkazgan va olingan tan jarohatlar natijasida akasi vafot etgan.

“O`ZIMNI YO`QOTIB QO`YDIM”

Sudda sudlanuvchi jinoiy harakatlariga qisman iqror bo`ldi...

— Uyda jami 17 nafar shaxs yashaydi. Men yashab kelayotgan uydan 10-20 metr uzoqlikda akam oila a`zolari bilan yashaydi. Akam qizining tug`ilgan kunini nishonlashni boshladik. Uyidan 10-15 metr uzoqlikdagi anhor oldida stol va stul qo`yib, pochcham bilan aroq ichib o`tirdik. Kechki payt pochcham va opam akamning uyiga uxlash uchun chiqib ketishdi. O`zim esa farzandlarim bilan hovlida gaplashib o`tirdik. Oradan 15 daqiqa o`tib akamning uyida urush-janjal ovozini eshitib, yugurib chiqdim. Shunda jiyanim opamni urayotganini ko`rib, ularni ajratganimda jiyanim meni turli so`zlar bilan so`kib, urib ketdi. So`ng akam o`rtaga aralashib ajratdi. So`ng rafiqam, qizlarim bilan o`z uyimga chiqib ketdim. Uyga chiqqanimizdan keyin 102 raqamiga qo`ng`iroq qildim. Ikki nafar ichki ishlar xodimlari kelib, turmush o`rtog`im va opamdan holatni so`rab, uyimdan chiqib ketishdi.

Oradan oz vaqt o`tib, hojatxonaga chiqqanimda jiyanim va akam meni so`kayotganini eshitib, ularning uyiga bordim. “Nega so`kayapsizlar?” deb so`radim. Shunda meni to`satdan urib ketishdi. Jiyanim velosiped zanjiri, akam qo`li bilan, uning o`g`li truba, yana bir o`g`li qo`lida yog`och, boshqasi lopatka va yana biri qandaydir qattiq jism bilan ura ketishdi. Uyning garajiga qarab qochdim, ketimdan besh kishi kelishdi. Garajda turgan mashinadan “Chust” pichog`ini ularni qo`rqitish maqsadida oldim. Hamma meni urayotgan vaqtda qo`limdagi pichoq bilan qo`rqitish maqsadida “qoch” deb hammaga gapirgan holda bir necha marotaba pichoqni o`ngga-chapga o`ynatdim. Shu vaqtda pichoq jiyanlarim va akamga kirib ketgan bo`lishi mumkin. Qo`limdagi pichoq bilan ko`chaga qarab yugurib ketdim. Ovqatlanish shahobchasiga etmasdan pichoqni ko`chaga tashlab ketdim. O`zimni himoya qilish uchun pichoqni o`ngga-chapga o`ynatdim, kimgadir kirib ketganiga e`tibor qilolmadim. Sababi hamma meni urayotgandi, o`zimni yo`qotib qo`ydim. Agar pichoqni olib o`zimni himoya qilmaganimda akam va boshqalar urib tashlagan bo`lardi. Pichoq bilan biror kishiga tan jarohati etkazish maqsadim bo`lmagan. Akam bilan doim yaxshi munosabatda bo`lib, biror marotaba ham janjallashmaganmiz. Akam va jiyanlarimni o`ldirish maqsadim bo`lmagan. Barcha holat kutilmaganda yuz bergani sababli sodir qilgan harakatlarimni to`liq anglay olmaganman. Akamning oilasi va jiyanlarimdan kechirim so`rayman. Rafiqam va besh nafar farzandim mening qaramog`imda. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. 

Zoir KAMOLOV, Toshkent shahar sudi sudyasi: 

— Sudlanuvchi JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “a, j” bandlari, 97-moddasi 2-qismi “j, r” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan sudlanuvchiga uzil-kesil 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1