Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev 12 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hay`atining kengaytirilgan yig`ilishida ishtirok etdi.
Yig`ilishda jinoyatchilikni mahallalarda jilovlash, profilaktika inspektorining ish yuklamasini engillashtirib, natijadorligini oshirish masalalariga alohida ahamiyat qaratildi.
- Qaysi hokim profilaktika inspektorini qabul qilib, gaplashdi? Uning bir kunlik ishini, oilaviy sharoitlarini o`rgandi? Hamma "kattakon" uchastka noziriga buyruq beradi. U hamma narsa bilan shug`ullanyapti, ko`p vaqt yo`qotyapti, asosiy ishi qolib ketyapti. O`zi eng katta mehnatkash - profilaktika inspektori. Agar unga sharoit yaratsak, u davlatdan rozi bo`lib ishlasa, ko`p masalalar hal bo`ladi, - dedi Prezident.
Ichki ishlar idoralarining barcha bo`g`inida qog`ozbozlik va byurokratiyani keskin kamaytirib, ish yuritishni raqamlashtirish vazifasi qo`yildi. Shu maqsadda Ichki ishlar vazirligida axborot texnologiyalari bo`yicha alohida vazir o`rinbosari lavozimi joriy etilgani ma`lum qilindi.
Soha uchun professional kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga ko`tarish, profilaktika inspektorlari va tergovchilarning bilimini oshirish bo`yicha topshiriqlar berildi.
- Ichki ishlar xodimlari tunu kun, har qanday sharoitda el xizmatida, - dedi Prezident. - Bu pandemiya sharoitida, Buxoro va Sardobadagi og`ir kunlarda yaqqol ko`rindi. Boshqa payt ham xavf-xatar doim ularning yonida. Ish haqini belgilashda buni inobatga olish zarur. Shuning uchun, joriy yilda barcha ichki ishlar xodimlari ish haqi 30 foizga, jamoat xavfsizligini ta`minlashga bevosita jalb etilgan, sodda qilib aytganda, mahallada xizmat o`tovchi xodimlar ish haqi esa 60 foizga oshiriladi.
Yig`ilishda ayrim tuzilmalar rahbarlari lavozimidan ozod etildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan ichki ishlar vaziri, huquq-tartibot idoralarining hududiy boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi va viloyat hokimlari axborot berdi.






