AsosiyJamiyat

Nyu-Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo`mitasi O`zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi

'Nyu-Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo`mitasi O`zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi'ning rasmi

Mana bir necha kundirki, surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi bilan bog`liq voqealar mamlakatimiz media muhiti, ijtimoiy tarmoqlar diqqat markazida turibdi. Bu masala bo`yicha jurnalistika sohasiga aloqador bir qator nufuzli  tashkilotlar, deputat va jamoat arboblari munosabat bildirdi. Xususan, deputat Rasul Kusherbaev Bosh prokuraturadan surxondaryolik blogerning jinoyat ishi bo`yicha xolis tekshiruv o`tkazilishini talab qildi. Shuningdek, ushbu ish yuzasidan dastlab Oliy sud munosabat bildirdi. Bosh prokuratura esa bloger Otabek Sattoriy ishi bo`yicha qonun buzilmaganini ma`lum qildi. IIV Matbaot kotibi esa "Qonun ustuvorligi haqida bong urayotganlardan qonunchilikni hurmat qilishlarini talab qilamiz", dedi.

Munosabatlarda bu ishda konstitusion haq-huquq, haqiqat, adolat, so`z erkinligiga  hurmat va  ochiqlik ta`minlanishi lozimligiga da`vat etildi. Ayni paytda holat yuzasidan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi munosabat bildirmoqda.

"Bosh qarorgohi AQShning Nyu-York shahrida joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo`mitasi — CPJ (Commitee to Protect Journalists) O`zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi.

Tashkilotning fikricha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa tashlangan. Buyuk Britaniyaning O`zbekistondagi elchisi Tim Torlot “agar tovlamachilikni isbotlaydigan dalillar bo`lmasa, mazkur hibs voqeasi nafaqat xavotirli, balki so`z erkinligiga rahna soluvchi yana bir harakatdir”, deb  tashvish bildirdi.

Bu masalada mavhumlik va ziddiyatlar ko`p. Ichki ishlar vazirligi  bergan bayonotdan so`ng bahs-munozaralar yanada avj oldi. Bunga ayrim savollar javobsiz qolayotgani sababdir.

Xususan, bozordan tanqidiy material tayyorlayotganda yuz bergan voqea uchun blogerning  “tovlamachilik”da ayblangani (blogerning o`zi ayblovni keskin rad etmoqda) uning oilasi, farzandlari, yaqinlari oldida  ko`p kishilik huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan vahima va shov-shuv bilan  olib ketilishi uchun etarlimi?

Biz qonun ustuvor bo`lgan mamlakatda yashayapmiz. Qonuniy haq-huquqlarimiz bilan birga burchlarimizni ham e`tirof etamiz. Agar, qonun buzilishiga yo`l qo`ysa, jinoyat sodir etsa, kim bo`lishidan qat`iy nazar, u jurnalist bo`ladimi, blogermi yoki boshqa kasb egasimi, albatta, qonunda belgilangan tartibda javob  berishi shart. O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bu noxush voqea bo`yicha ham  shunday fikrda.

IIV bayonotida aytilganidek, “tergov va sud organlarining faoliyatiga nisbatan sun`iy ravishda salbiy munosabat shakllantirish – tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish” niyatimiz yo`q. Aksincha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni mazkur ishni tomonlarning ko`rsatmalari va barcha holatni hisobga olgan holda xolis va haqqoniylik, adolat bilan ko`rib chiqishini, barcha fuqarolar kabi jurnalist va blogerlarning ham  konstitusion haq-huquqlari, so`z va matbuot erkinligi buzilmasligini  istaymiz", deyiladi O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bayonotida. 

    Boshqa yangiliklar