AsosiyJamiyat

Senatorlar Namanganda maktab bitiruvchilari bilan ochiq muloqot o`tkazdi

'Senatorlar Namanganda maktab bitiruvchilari bilan ochiq muloqot o`tkazdi'ning rasmi

Oliy Majlis Senati Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Mahmudjon Parpiev hamda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Nosirbek Abdullaxanov Namangan shahridagi umumta`lim maktablarining bitiruvchilari bilan “Senator va yoshlar” mavzusida ochiq muloqot o`tkazdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Unda Prezidentimizning O`zbekiston yoshlari forumidagi nutqi hamda Parlamentga yo`llagan Murojaatnomasida yosh avlodning porloq istiqbolini ta`minlash bo`yicha belgilab berilgan dolzarb vazifalar, qolaversa, “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushuncha berildi.

Davlatimiz rahbarining taklifi bilan 2021 yilga “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berilganiga ham o`ziga xos ezgu ma`no mujassam. Zero, Uchinchi Renessans davriga aqlu zakovatli, azmu shijoatli yoshlar bilan poydevor qo`yilmoqda.

Ochiq muloqotda ayni shu haqida fikr-mulohazalar yuritilarkan, eng avvalo, o`sib kelayotgan o`g`il-qizlar Imom Buxoriy, Muhammad Muso Xorazmiy, Ibn Sino, Farobiy, Navoiy, Bobur kabi buyuk allomalarga beshik bo`lgan muqaddas zaminda ulg`ayishayotganlarini, o`zlikni anglashlari lozimligi qayd etildi. Binobarin, katta hayotga qadam qo`yish arafasidagi yoshlar o`z oldiga aniq maqsadlarni qo`yib, ularning ro`yobi yo`lida “oltin”ga teng vaqtlarini telefon yoki internetga emas, ilmu ma`rifatga, kitob o`qishga sarflashlari muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana bir jihat. Uchrashuvda yoshlarning fikr-mulohazalari, takliflari eshitildi. Xususan, Abdulbosit Qodirxonov maktablarda o`tilayotgan informatika darslari asosan nazariya bilan cheklanib qolinayotgani, ko`proq amaliy mashg`ulotlarga urg`u berish kerakligi, buning uchun ayni paytda kompyuter texnikalari bilan jihozlangan o`quv-laboratoriya xonalarini ko`paytirishga ehtiyoj sezilayotganligini bildirdi.

Ulug`bek Bositovning taklifi ham e`tiborga molik. U bitiruvchi sinf o`quvchilarining tanlagan kasbiy yo`nalishlaridan kelib chiqqan holda maktablarda tegishli mos fanlarni chuqurlashtirilgan holda o`qitishni, fan to`garaklar faoliyatini jonlantirish lozimligi, shunda o`quvchilarni repetitorma-repetitor yurishiga hojat qolmasligini qayd etdi.

Shuningdek, jamoat salomatligi tibbiyot texnikumlarida kvotalar sonini oshirish, ayniqsa, xorijiy tillarni o`qitishda ingliz tilidan tashqari roman-german tillari bo`yicha ham darslarni yo`lga qo`yish, chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash darslarini ko`proq ko`rgazmali qurollardan foydalangan holda tashkil etish kabi takliflar o`rtaga tashlandi.

Senat a`zolari yoshlarning fikr-mulohazalari, taklif va muammolarini ko`rib chiqib, tegishli mutasaddilarga ko`rsatmalar berdi hamda ularning ijrosini nazoratga oldi.

    Boshqa yangiliklar