AsosiyJamiyat

Ayollar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash bo`yicha yangi tizim yaratildi

'Ayollar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash bo`yicha yangi tizim yaratildi'ning rasmi

“Xalq banki” ATda O`zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash hamda ularning bandligini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag`ishlangan videokonferensaloqa tarzida yig`ilish o`tkazilgan.

Oliy  Majlis Senatining Axborot xizmatining ma`lum qilishicha, unda Senat raisi Tanzila Narbaeva ishtirok etgan.

xabarga ko`ra, mamlakatdagi ayollarning biznes sohasidagi loyihalarini qo`llab-quvvatlash hamda muammolarini bartaraf etish uchun “Xalq banki” tomonidan joylarda ularni tadbirkorlikka o`qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va ularga kredit olishda amaliy yordam ko`rsatishning yangi tizimi joriy etildi. Buning uchun byudjetdan qo`shimcha ravishda 1 trillion so`mdan ziyod mablag` yo`naltiriladigan bo`ldi.

Yig`ilishda ayni jihatlarga alohida e`tibor qaratilib, hududlarda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilindi. 

Qayd etilganidek, “Xalq banki” AT tizimida, eng avvalo, “Ayollar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash departamenti” tashkil etildi. Bankning 14 ta hududiy va 196 ta tuman (shahar) filliallariga xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha joriy qilingan boshqaruvchi o`rinbosari lavozimlariga eng munosib nomzodlar tayinlandi va ish rejalari ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar hamda “Hunarmand” uyushmalari, xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari, shuningdek, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda ayollar tadbirkorligiga xos bo`lgan 60 xildan ortiq namunaviy “Biznes reja” loyihalari va tarqatma materiallar tayyorlanib, joylarga etkazildi. Ayollarning moliyaviy savodxonligini oshirish va tadbirkorlikka yo`naltirish bo`yicha alohida veb-sahifa hamda “telegramm_bot” ishga tushirilmoqda.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning xohish-istaklari,  har bir hududning ichki xususiyatlaridan kelib chiqib, biznesga yo`naltirish bo`yicha aniq hisob-kitoblar bilan tushuntirishlar berildi. Bu bo`yicha tashkil etilgan o`quv-kurslariga esa 2 ming nafardan ziyod opa-singillarimiz jalb qilindi.

Ayni paytda tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yish istagini bildirgan hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning biznes loyihalari ishlab chiqilmoqda. Mazkur biznes loyihalar doirasida tadbirkorlikning barcha yo`nalishlarida bazaviy hisoblashning 150 baravarigacha bo`lgan miqdorda kreditlar ajratish rejalashtirilyapti.

Videoselektor yig`ilishida so`zga chiqqanlar xotin-qizlar tadbirkorligini yanada rivojlantirish va bu boradagi qo`shimcha imkoniyatlarni ishga solishga doir rejalardan samarali foydalanishni  e`tirof etdi.

    Boshqa yangiliklar