Nufuzli universitetlardan birining magistratura bosqichida tahsil oladigan 26 yoshli yigit mashhur kulgu jamoasi ishtirokchisi bo`lgan qizning rasmlarini tarqatish bilan qo`rqitib, undan pul undirmoqchi bo`ldi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tuman sudi binosida sudlanuvchiga hukm o`qildi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo`yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova xabar qildi...
Sudlanuvchi bir qiz bilan tanishib qoladi. Uning sochiqqa o`ralgan holdagi fotosuratini qo`lga kiritib, uni o`zida saqlab yuradi. Bir yil o`tgach, qizning fotosuratini internet orqali boshqa ayol kishining yalang`och holatda tushgan suratlari bilan montaj qiladi. So`ng “instagram” ijtimoiy tarmog`i orqali akkaunt ochib, unda o`zi tomonidan tayyorlangan ayolning yalang`och holatda tushgan fotosuratlarini yuklaydi. Bu fotosuratlarni ayolning ish faoliyatini olib boruvchi kulgu jamoasiga va “you tube”ga tarqatish bilan qo`rqitadi. Mazkur fotosuratlarni internetda tarqatmaslik evaziga, tovlamachilik yo`li bilan ayoldan 1.500 AQSh dollar talab qiladi. Aniqrog`i, qizni ushbu pullarni berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo`ygan.
So`ng ayol mazkur holat yuzasidan IIVga ariza bilan murojaat qilgan. Shundan so`ng, sudlanuvchi o`zining tanishiga qizdan unga tegishli bo`lgan pullarni olib kelish haqida iltimos qilgan. O`z navbatida, sudlanuvchining tanishi qizdan 1.500 AQSh dollari miqdoridagi mulyaj pullarni olib ketgan.
Shu kuni IIV JQBB K va IJQKB tezkor hodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida sudlanuvchining tanishi daliliy ashyo bilan ushlangan hamda pullarni sudlanuvchining iltimosi asosida olgani haqida bayon qilgan.
“HAQIQATDAN HAM QIZNI QO`RQITIB PULINI OLISh NIYaTIM BO`LGANDI”
Sudda sudlanuvchi aybiga to`liq iqror bo`ldi...
— U qiz bilan bir necha marta telefon orqali gaplashib yurdik. O`sha vaqtda u menga bir nechta fotosuratlarini yuborgandi. Fotosuratlar orasida uni sochiqqa o`ralgan holda tushgan rasmi ham bor edi. Rasmni o`zimda saqlab yurdim. O`sha vaqtda u menga aktyor bo`lmoqchi ekanini aytgandi. Shuningdek, uni “instagram”dagi sahifasi orqali kuzatib yurardim. Xalqlar do`stligi nomli konsert zalida kulgu jamoalardan birining konsert dasturida u qizni aktyor sifatida ishtirok etayotganini ko`rdim. So`ng uning “instagram”dagi saxifasiga kirib, yaxshi tilaklar bildirdim.
Oradan vaqt o`tgach, undan tovlamachilik yo`li bilan pul talab qilish fikri paydo bo`ldi. Sochiqqa o`ralib tushgan rasmini boshqa yalang`och ayollarning surati bilan montaj qilib, fotoalbom tayyorladim. “Instagram”da u qizning nomidan sahifa ham ochdim. Unga bir nechta yalang`och holatda tushgan suratlari borligi, agarda 1.500 AQSh dollari bersa, bu suratlarni internetda yoritmasligimni, aks holda tarqatib yuborishim haqida xabar yozdim. Shu kuniyoq u qiz ushbu holat bo`yicha ustimdan ariza bilan murojaat qilishini aytdi. “Agar ariza yozsang, suratlar internetga chiqib ketadi”, deb qo`rqitdim. So`ng u 1.500 AQSh dollarini berishga roziligini bildirib, menga xabar yubordi. Pullarni ertasi kuni uchrashib olishga kelishdik. Pullar tayyorligini bildirgach, tanishim olib ketishini aytdim. Keyin do`stimga qo`ng`iroq qilib, “tanishimdan bir narsani olish kerak”, deya manzilni aytdim, u rozi bo`ldi.
U qiz bilan internet orqali yozishib yurganimda, o`zimni boshqa ism bilan tanishtirganman. Shu sababli, do`stimga “Xumoyunga”, deb narsa berib yuboradi”, deya tushuntirdim, do`stim xayron bo`ldi.
Do`stim mashinasida qiz bilan uchrashish uchun ketdi. Oradan taxminan 15 daqiqa o`tib, qiz menga “instagram” orqali “pullarni do`stingizga berib yubordim. Endi suratlarni o`chirib yuboring”, deb xabar yozdi. Keyin internet kafega kirib, uning “instagram”iga suratlarni o`chirish jarayonini videoga olib yubordim. Qizning “instagram”dagi sahifasini blokka qo`ydim. Do`stimga bir necha marta qo`ng`iroq qilganimda, uning telefon raqami o`chirilgandi. Biroz o`tib, u telefonini yoqdi. “Nima sababdan telefoning o`chirilgan?” deb so`radim. “IHXB xodimlari meni ushlashdi, oldimga kel”, dedi. Do`stim aytgan joyga bordim. Oldiga fuqarolik kiymidagi bir necha fuqarolar kelib, o`zlarini IIB xodimlari deb tanishtirishdi va meni ko`lga olishdi. Haqiqatdan ham qizni qo`rqitib pulini olish niyatim bo`lgandi. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. O`zimga kerakli xulosalarni chiqarib oldim.
Sudlanuvchining aybi dalillar bilan ham isbotlandi.
Odiljon ILXOMJONOV, Toshkent shahar sudi sudyasi:
— SudlanuvchiJK 165-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. JK 165-moddasining 1-qismi bilan 3 yil muddatgaozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.