Championat.asia saytining xabar berishicha, klubdagi muhit havas qiladigan darajada emas. Xodimlar, futbolchi va murabbiylar bir nechta “lager”ga ajralib qolgan.
"Nasaf" etakchilari Sharof Muhitdinov va Islom Kenjaboev boshqa jamoalarga o`tib ketishdi. Bobir Abdixoliqov ham ketish arafasida turibdi. Klub bosh direktori ular bilan shartnomani uzaytirmagani muxlislarni tashvishga solgani aniq. Masalan, Sharof Muhitdinov deyarli 2 oy davomida erkin agent maqomida yurdi va oxiri boshqa jamoaga ketdi.
Bugun bosh murabbiy Ro`ziqul Berdiev ham jamoa lagerini tark etgan. Uning "Nasaf"dagi keyingi taqdiri hozircha noma`lum bo`lib turibdi.
Eslatib o`tamiz, bir necha kun oldin Ro`ziqul Berdiev Championat.asiaga bergan intervyusida quyidagi fikrni aytgandi: "Agarda vaziyat yaxshi tomonga o`nglanmasa va yanada qiyinchiliklar hamda tushunarsiz ishlar davom etadigan bo`lsa, balki men ham murabbiylik faoliyatimda tanaffus olishni o`ylab ko`raman. Boshqa chora qolmayapti. Lekin umid qilamanki, vaziyat bungacha bormaydi. "Nasaf" jamoasiga bo`lgan sadoqatim va qarshilik muxlislar hurmati uchun klub rahbariyatining ko`plab tushunarsiz ishlarga sabr qilib kelyapman".
17.02.2021 18:09