Xabaringiz bor, ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoev Namangan viloyatiga tashrif buyurgan.
Davlat rahbari bilan birga hukumat a`zolari, jumladan, O`zbekiston Respublikasi bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimov ham ayni vaqtda Namangan viloyatida bo`lib turibdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Bugun bosh vazir o`rinbosari A.Abduhakimov Jismoniy tarbiya va sport vaziri o`rinbosari Avaz Karimov hamda Namangan viloyat hokimining turizm va sport ishlari bo`yicha maslahatchisi Botir Nuritdinovlar hamrohligida Namangan viloyatidagi bir qator sport ob`ektlari hamda Namangan shahrida turizmni rivojlantirish yo`lida amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, mehmonlar Namangan shahar Davlatabod tuman 1-sonli bolalar va o`smirlar sport maktabining yangidan barpo etilayotgan inshooti, Badminton markazi, «Navbahor» Markaziy stadioni hamda Namangan viloyat futbol mahorat maktabining rekonstruksiya qilinib, zamon talablari darajasida ta`mirlangan ob`ekti, qolaversa «Afsonalar vodiysi bog`i» er maydonidagi masjidning qurilishi va shahar markazida barpo etilgan velosiped yo`lakchalari, umuman «Salomatlik yo`laklari»ni ko`zdan kechirdi.
Shuningdek, Aziz Abduxakimov mavjud sport inshootlarining samaradorligini oshirish, ularda doimiy ravishda yoshlar va mahalla aholisi sport bilan shug`ullanishini ta`minlash, «Salomatlik yo`laklari»dan maksimal darajada foydalanish kabi masalalarda o`z taklif va tavsiyalarini berdi.