1

Toshkentda 22 yil avval sodir etilgan mudhish qotillik fosh etildi

Jinoyat 22.02.2021, 11:55
Toshkentda 22 yil avval sodir etilgan mudhish qotillik fosh etildi

“Qing`ir ishning qiyig`i qirq yilda ham chiqadi”, deganlaridek 22 yil avval sodir etilgan jinoyat fosh bo`ldi. Bu haqda Toshkent shahar sudining Jamoatchilik va OAV bilan hamkorlik bo`yicha bosh konsultanti Sadoqat Allaberganova xabar qildi...

Muqaddam bir necha bor sudlangan L.Baev (ism-familiyalar o`zgartirilgan) “ko`r ko`rni qorong`uda topadi” deganlaridek, xuddi o`zi singari sudning qora kursisiga o`tirgan, biroq tegishli xulosa chiqarmagan tanishi P.Isxoqov va B.Ikramov, Sh.Xodjaev bilan bir guruh bo`lib, 93 yoshli L.Popova va uning o`g`li O.Popovni qasddan o`ldirib, ularning xonadonida bo`lgan mol-mulkni qo`lga kiritish maqsadida oldindan jinoiy reja tuzishadi.

Ular jinoiy rejasini amalga oshirish maqsadida ona-bola yashab kelayotgan Toshkent shahari, Uchtepa tumanidagi xonadonga go`yoki bir necha kun ijarada yashash bahonasida kirishga erishishadi. O`zlari bilan olib kelgan spirtli ichimliklarni ona-bolaga iste`mol qildirishadi. Ular mast holatda ekani, bundan tashqari, O.Popovning II guruh nogironi ekani, o`zini himoya qilolmaydigan darajada ojiz ahvolda ekanidan foydalanib, oshxona pichog`i bilan II guruh nogironining qorin qismiga urib, uni qasddan o`ldirishgan.

So`ng L.Baev tanishlari P.Isxoqov, B.Ikramovva Sh.Xodjaev bilan marhumning onasining mast holatda ekani, keksaligidan foydalanishadi. Ya`ni, L.Popovaning bosh sohasiga aroqdan bo`shagan shisha bilan urib, tanasining ko`krak qismlariga tepib, so`ng oshxona pichog`i bilan qorin qismiga zarba berishgan.

Onaga o`z vaqtida ko`rsatilgan tez tibbiy yordam natijasida uning hayoti saqlab qolingani sababli L.Baev o`z jinoiy harakatlarini o`ziga bog`liq bo`lmagan holda oxiriga etkaza olmagan.

L.Baev tanishlari P.Isxoqov, B.Ikramov va Sh.Xodjaev ona-bolaga tan jaroxatlari etkazishganidan so`ng, onani ham o`lgan deb hisoblab, xonadondan 2 ta gilam va televizorni olib, voqea joyidan yashirinishgan.

“ShUNChA YIL DAVOMIDA VIJDON AZOBIDA QIYNALGANMAN”

Sudlanuvchi L.Baev sudda aybiga to`liq iqrorlik bildirdi...

— Ishlash maqsadida Toshkentga kelib, “Ippodrom” bozori oldida joylashgan nonvoyxonada non sotuvchi bo`lib ishlaganman. Shunda Dilmurod va Shavkat ismli shaxslar hamda nonvoyxonada ishlovchi Begzodbilan tanishib qolganman. Ular bozorda turli mayda o`g`riliklar bilan shug`ullanib yurishgan. Shavkat menga “Farhod” bozori oldidagi ko`p qavatli uylarning birida ijaraga uy borligi, u erda yashashimiz mumkinligini aytgan. Shu bois shu uyda ijarada bir kun tunab qolmoqchi bo`ldik. Shavkat mennga o`sha uyda bir rus ayol va uning mustaqil harakatlana olmaydigan nogiron o`g`li yashashini aytgan. Dilmurod, Shavkat va Begzod bilan birga tunab qolish uchun shu xonadonga bordik. Uyga kirganimizda keksa ayol va uning o`g`lini ko`rdim. Shu kuni biz ikki shisha aroq ichib, birga ovqatlandik. Uy egalari ham birga ichishdi. Hammamiz shu xonadonda tunab qoldik. Ertasi kuni ertalabdan men, Dilmurod, Shavkatva uy egalari bilan birga yana spirtli ichimlik iste`mol qilganimiz sababli mast edik. Shavkat “uydagi televizor, gilam va eski idishlarni o`g`irlaymiz. Ularni yaxshi pulga sotish mumkin”, dedi. Unga “uy egalari mast bo`lib, uxlaganidan so`ng narsalarni olib chiqib ketamiz”, dedim. Shavkat ularni bog`lashni aytdi. Keksa yoshdagi ayol va nogiron o`g`il mast holda bo`lgani sababli, shundoq ham qarshilik ko`rsata olmaydigan ahvolda edi. Uydagi televizorni ko`tarib tashqariga olib chiqa boshlaganimda Shavkatning qo`llari qon holatda, pichoq ko`tarib turganini ko`rdim. Nogiron o`g`il baqirib divanda, onasi esa polda yiqilib yotishardi. Shu orada Dilmurod boshqa xonadan ikkita gilamni olib chiqdi. Shavkat “ona-bolani pichoq bilan tilib yubordim, lekin ular o`lmagan”, dedi. Begzod esa “pastga tushib, mashina to`xtataman. Birov kelib qolmasin, qarab tur”, deya ogoh bo`lishimni tayinladi. Shavkat xonadon egalarini pichoqlab qo`yganligini bilib, uydagi televizor va gilamlarni olib tashqariga chiqdik. So`ng to`rtinchi qavatdan tushgach, yo`lovchi mashina to`xtatib, uydan olib chiqqan buyumlarni yukladik. O`g`irlagan narsalarimizni sotib yubordik. Puliga hammamiz bozordagi oshxonalardan birida ovqatlanib, yana aroq ichdik. Ovqatlanib o`tirgan vaqtimizda Shavkatga bekor bunday ish qilganini aytdim. Shunda u “uy egalarini pichoqlab o`ldirdim, agarda kimda-kim bu haqda ichki ishlar xodimlariga aytib qo`ysa, uni ham o`ldiraman!” deb bizni qo`rqitdi. Uning tahdididan qo`rqib, birgalikda Farg`onaga ketdik. Shavkat Namanganda jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda yurgani, shu sababli Namanganga bora olmasligini aytdi va Farg`onada qoldi. O`zim esa harbiy xizmatdan bo`yin tovlaganim, firibgarlik, o`g`rilik jinoyatlarini sodir etganim uchun qidiruvda yurganim bois Toshkentga kelgandim. Begzod va Dilmurod ham tarqalib ketishdi. 

1999 yilda o`g`irlik jinoyatini sodir etib, qo`lga tushgandim. Jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o`tayotganimda, muassasasining tibbiyot boshqarmasida davolanayotgan vaqtimda Begzodni ko`rib qolgandim. Undan nima bo`lganini so`raganimda u “ona va bolaga nisbatan sodir etilgan qotillik jinoyati uchun men va Shavkat qamoqqa olindik. Shuhrat o`lim jazosiga hukm qilingan”, dedi. Oradan 22 yil o`tib, ushbu jinoyatni biz sodir etganimiz aniqlandi. Shuncha yil davomida vijdon azobida qiynalganman. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. 

Nargiza KASIMOVA, Toshkent shahar sudi sudyasi:

— Sudlanuvchi P.Isxoqov ham sudda aybiga to`liq iqrorlik bildirdi. Mazkur ish bo`yicha sudlangan B.Ikramov esa sudda mazkur jinoyat ishi bo`yicha o`sha paytda sudlanib, jazoni o`tab chiqqanini bayon qildi. 

Sudlanuvchi L.Baev va P.Isxoqovning jinoyat sodir etganlikdagi aybi, ularning aybiga to`liq iqrorlik bildirib bergan ko`rsatmalaridan tashqari, hodisa sodir bo`lgan joydagi tekshirish bayonnomalari va ularga ilova qilingan fotojadval, pushaymonlik arizalari, buyumni tanib olish uchun ko`rsatish bayonnomalari, fotosuratdan tanib olish uchun ko`rsatish, yuzlashtirish bayonnomalari, guvohlarning ko`rsatmalari, sud-tibbiyot ekspertizasi va daktiloskopiya ekspertizasining xulosasi, tushuntirish xatlari hamda jinoyat ishida to`plangan boshqa dalillar bilan isbotini topdi.

Sudlanuvchi P.Isxoqov jinoyat sodir etgan vaqtdan 22 yil 9 oy o`tib, ya`ni JKning 64-moddasi talablariga ko`ra, shaxsning javobgarlikka tortish muddatining o`tib ketgani munosabati bilan P.Isxoqov tomonidan javobgarlikka tortish muddatlari yangi jinoyat sodir etilgan kundan boshlab hisoblanganda, yangi jinoyat sodir etilgan kundan 20 yil 6 oy o`tgan. Shu sababli sudlov hay`ati belgilangan qonun talablariga amal qilgan holda sudlanuvchi M.Isakovni aybli deb topib, javobgarlikdan ozod qilishni lozim deb hisobladi.

L.Baev JKning 97-moddasi 2-qismi “v, i, p” bandlari, JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “a,v,i,p” bandlari, JKning 164-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan aybli deb topildi. JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil L.Baevga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1