AsosiySport

Xose Mariya Mendez: Terma jamoada tumov epidemiyasi bor, shundan extiyot bo`lishimiz kerak

Futzal bo`yicha Osiyo chempionati "A" guruhi so`nggi turi doirasida O`zbekiston va Livan terma jamoalari o`rtasida kechgan uchrashuvdan so`ng O`zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendez matbuot anjumanida ishtirok etdi, deb yozadi www.uff.uz nashri.   

- Biz bugun qaysidir terma jamoa. Qirg`iziston, Livan yoki Saudiya Arabistoni emas, balki faqat muxlislar uchun o`ynadik. Nazariy jihatdan olib qaraganda bugungi o`yin natijasi mutlaqo ahamiyatsiz edi. Ammo biz faqat muxlislar uchun o`ynadik. Shuningdek sariq kartochkasi bor bo`lgan Irsalievni keyingi o`yinda ishtirok eta olmay qolmasligi uchun chora tadbirlar qo`lladik. Yana 4 futzalchimiz kecha shamollab qolgan edi. Ular bu o`yinga tayyor holda kelishdi va bundan behad mamnunman. 

Bugungi o`yinni juda yaxshi o`tkazdik. Shu bilan birga Livanga ham qoyil qolish kerak. Raqib ikkinchi bo`limda o`yinini kuchaytira oldi. Bizning jismoniy tayyorgarligimiz yaxshi emasligi bu o`yinda ko`rinib qoldi. Men yana Rustam Umarovning o`yinini alohida ta`kidlab o`tmoqchiman. U Osiyoning eng yaxshi posbonlaridan biri ekanini isbotladi. Bizni endi musobaqaning eng muhim o`yini kutib turibdi. Chorak finalda g`alaba qozonishimiz shart.

- Sariq kartochkalari bor futzalchilar bor, shuningdek 4 futbolchining mazasi bo`lmay qolganini aytdingiz. Shunga qaramay bugun yaxshi o`yin namoyish etishning uddasidan chiqdingiz. Demak jamoangizda teng kuchli tarkib bormi?

- Men oldin ham aytganman, bizda superyulduzlar yo`q. Tarkibimiz teng kuchli futbolchilardan iborat. Albatta Yaponiya singari teng kuchga ega ikki tarkibimiz borligini ayta olmayman, ammo bir ikki futzalchimiz bor, ular jamoa o`yinini ushlab tura oladi. Biz har safar yangicha o`yin namoyish qilishimiz mumkin.

- Jamoangiz bir kun dam olishi mumkin. Bu kundan qanday foydalanmoqchisiz? 

- Biz avvalo kasal bo`lib qolgan futzalchilarni oyoqqa turgazishga harakat qilishimiz kerak. Ular safga qaytsa, muammolarimiz kamayadi. Shuningdek tumov kasalligi jamoadagi boshqa o`yinchilarga o`tib ketmasligi uchun extiyot choralarini ko`rishimiz kerak.

- Eron va Iroq o`rtasida kechgan uchrashuvda iroqliklar yo`l qo`ygan xatolarni o`rganib chiqasizmi?

- Iroq terma jamoasi bugun Eronga qarshi o`tkazgan o`yiniga u qadar e`tibor qaratmagan bo`lardim. Chunki bu o`yin bizga ko`p narsa bermasligi aniq. Aslida har qanday jamoaning Eronga qarshi o`tkazadigan o`yini hech qanday ahamiyat kasb etmasligi aniq. Chunki Eron mutlaqo boshqacha saviyaga ega jamoa. Bu jamoa boshqa darajada o`ynaydi.

- Siz jamoamizda superyulduzlar yo`qligi haqida gapirdingiz. Lekin Rustam Umarov balki o`sib kelayotgan yangi yulduzdir...

- Men yulduz yo`q deganda shuni nazarda tutdimki. biz alohida bir o`yinda kimgadir qaram bo`lib qolmaymiz. Bir o`yinda Yunusov. boshqasida Umarov etakchi bo`lishi mumkin. Biz jamoaviy o`yin namoyish qilamiz. Aslida futzalchilarimiz qayd etgan statistikaga qarasak ham bunga ishonch hosil qilasiz. Yana shuni ham aytishim lozimki, bugun Jamol shamollab qolgan bo`lsada yaxshi o`yin namoyish qildi. Balki undagi tumovni kimgadir o`tkazsak, kelasi o`yinda u ham yaxshi o`ynab yuborar.

    Boshqa yangiliklar