O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 26 fevraldagi “Qishloq xo`jaligi sohasida statistik ma`lumotlar bazasini kengaytirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 104-son qaroriga muvofiq, O`zbekiston Respublikasida 2024 yilda qishloq xo`jaligi sohasida ro`yxatdan o`tkazish tadbiri amalga oshiriladi.
Mazkur qarorning ahamiyatli jihati shundan iboratki, O`zbekiston Respublikasida qishloq xo`jaligi sohasida ro`yxatdan o`tkazish tadbirlari umuman o`tkazilmagan bo`lib, mazkur tadbir dastlabkisi hisoblanadi hamda uni uch bosqichda amalga oshirish ko`zda tutilgan.
Qarorga muvofiq:
– O`zbekiston Respublikasida 2024 yilda qishloq xo`jaligi sohasida ro`yxatdan o`tkazish konsepsiyasi;
– O`zbekiston Respublikasida 2024 yilda qishloq xo`jaligi sohasida ro`yxatdan o`tkazishga doir chora-tadbirlar rejasi;
– O`zbekiston Respublikasida 2024 yilda qishloq xo`jaligi sohasida ro`yxatdan o`tkazishga ko`maklashish bo`yicha respublika komissiyasining tarkibi;
– O`zbekiston Respublikasida 2024 yilda qishloq xo`jaligi sohasida ro`yxatdan o`tkazishga ko`maklashish bo`yicha hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibi tasdiqlandi.
Shu bilan birga, qishloq xo`jaligi sohasida ro`yxatdan o`tkazish bo`yicha vakolatli organ – Davlat statistika qo`mitasi Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
Ro`yxatdan o`tkazish O`zbekiston Respublikasi hududida yaxlit va har bir ma`muriy-hududiy birlik bo`yicha aniq bir vaqtda, qishloq xo`jaligi faoliyatining turli tavsiflari to`g`risida xalqaro taqqoslanadigan ishonchli, xolis va yaxlit ma`lumotlarni yagona statistik metodlar asosida yig`ish maqsadida amalga oshiriladi.