Xabaringiz bor kuni kecha Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o`tkazilayotgan «Hukumat soati»da talabalarni turar joyi bilan ta`minlash masalasida chiqish qildi.
Unda vazir talabalar yashash sharoitlarini o`rganish maqsadida talababay tizim joriy etilishi haqida gapirdi. Mazkur chora-tadbir xususida bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev o`z munosabatini bildirdi.
"Talabalar turar joylari masalasidagi muammolar haqida bir necha yildan buyon gapirib kelamiz. Albatta bu tez echiladigan muammo emas. Chunki biz talabalarni yotoqxonalar bilan ta`minlash sohasida juda qimmatli ko`p yillarni boy berganmiz. Hozir endi ko`rpani tortsak yo boshimiz, yo oyog`imiz ochiq qoladi.
Endi xabar qilinishicha, talababay ishlanar emish. Ishchi guruhlar tuzilib, mahallalarda yurilarkan.
O`zi ta`limdagi katta muammolardan biri o`qituvchilarni mahallalarga jalb qilinishi, o`zini funksiyasidan boshqa ishlar yuklanishida. Talabalarning qarovsiz qolishiga ham sabablardan biri shu. Nima bo`lsa yoki maktab, yoki kollej, yoki OTM o`qituvchisi uyma-uy yurishga jalb qilinadi (ha, yana bankirlar ham bor, ular alohida mavzu, mayli). Ilgari shunaqa edi, hozir boshqacha, deb xaspo`shlash shart emas. Hozir ham joylarda kafedra mudirlari, kuratorlar, o`qituvchilar uyma-uy, "mahallabay" deb yurishibdi.
Endi talababay.
Nahotki, boshqacha narsa qila olmaymiz? Biror baxtsiz hodisa bo`lsa, hammani ishchi guruhlaru, uyma-uy yurishlarga jalb qilib, issig`ida bir narsalar qilib, keyin unutib yuboradigan ishlardan charchamadikmi? Bunaqa "ruchnoy" ishga qancha resurs, qancha kuch, qancha vaqt ketadi?
Xo`sh, undan keyinchi? Ishchi guruh bir oy aylanib, hamma talaba bilan alohida suhbat qilib, keyin albatta "otchyot" uchun rasmga tushib, bu haqda akt qilib, bir dunyo byurokratiya va qog`ozbozlikni do`ndirib, keyin tonnalab hisobotlar qilib bo`lganimizdan keyin nima bo`ladi? Talabalarning hammasi turar joyli bo`lib qoladimi? Yoki ijara bozorida talabalar uchun biror o`zgarish bo`ladimi? Yoki talabalar shundan keyin zaharlanmaydimi? Yoki qurilishlarda yiqilib tushmaydimi? Keyin nima bo`ladi, keyin?
Balki hozir fojia bo`lgani va 5 nafar talaba vafot etgani uchun bu ish albatta kerak, dersiz, ammo tizim yaratilmas ekan, bunaqa ishchi guruhlarni har doim uyma-uy yurgiza olmaymiz-ku.
Ancha yillar oldin Yuridik universitetda bir guruhga kurator edim. Bizdan ham talabaning uyiga borib, rasmga tushib, akt tuzib berish talab etilardi. Borardim, ko`rardim, kim bilan turibsiz deb so`rardim, bo`ldi. Ishdan keyin 1-2 kishinikiga borish kerak, o`zimda mashina yo`q, jamoat transportida ko`p vaqt ketadi va noqulay, taksida yurishni oyligim qoplamaydi. Starosta yoki guruhdagi biror mashinasi bor talaba bilan yurilardi. Xo`p, uyiga borib ko`rdim ham deylik, keyinchi? Talabaning sharoiti yomonroq bo`lsa, boshqa yaxshiroq kvartira topib bera olamanmi, yoki yonimdan kvartirasiga pul beramanmi, yoki shundoq ham chumchuqning iniday bo`lgan yotoqxonadan joy topib bera olamanmi? Xullas, bunaqa ishlashdan qanaqa foyda borligini yaxshilab o`ylab ko`rish kerak. Ura-ura deb hududlarga chiqib ketdik, mahallabay, insonbay, talababay qildik, degan bilan oxirgi manzilni ko`rishimiz kerakku, axir.
Hozirgi ishchi guruhlar yuklamasi bora-bora yana oddiy o`qituvchilar elkasiga tushib, butun shaharni o`zining yoki biror talabaning hisobidan kezib chiqib, talabasining ijara uyini rasmga tushirish talab etiladigan xo`jako`rsin tizimga aylanibketmasa deb qo`rqaman. O`zi bunaqa tizim shundoq ham bor, yanada kuchayadiganga o`xshayapti.
Talabalar turar joylarini imkon qadar ko`paytirish (baribir to`liq ta`minlab bo`lmaydi), uylarni ijaraga berish tizimini tartibga solish, talabalar uchun ijara uylari topishni engillashtiradigan mexanizmlar haqida bosh qotirish kerak. Shuningdek, Bosh vazir o`rinbosari rahbarligidagi kechagi yig`ilishda aytilganidek, targ`ibot ishlarini (aslida bu ham ta`lim degani) kuchaytirish, texnika xavfsizligi bo`yicha birlamchi ko`nikma va bilimlarni berish lozim", - deb yozib qoldirgan bloger.
Eslatib o`tamiz, 27 fevral kuni Yunusobod tumanidagi xonadonlardan birida ijarada yashab kelgan 5 nafar talabaning jonsiz tanasi topilgan. Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqich talabasi ham qurilish ob`ektida yiqilib vafot etgani xabar qilingan edi.
Mavzuga doir:
Rektorlar nobud bo`lgan 5 talabaning janozasida qatnashdi, marhumlarning ota-onasiga yordam berildi