Endi Chimyonda tog` chang`isi va snoubord bo`yicha Xalqaro musobaqalarni o`tkazish mumkin. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar berdi.
2020 yil 4 fevraldagi Prezident qaroriga muvofiq, O`zbekistonda qishki sport turlarini 2020-2023 yillarda rivojlantirish Dasturi ijrosini ta`minlash maqsadida, Sportning qishki va murakkab texnik sport turlari bo`yicha respublika oliy sport mahorati maktabi O`zbekiston chang`i sporti federasiyasi bilan hamkorlikda chang`ida uchish trassasini sertifikatlashtirish (gomologasiya) masalasini hal etish yuzasidan o`zaro kelishib olishdi.
Gomologasiya shartlariga asosan FIS (Xalqaro chang`i federasiyasi) poyga yo`llari qoidalari, chang`i uchish trassalarining uzunligi va balandligining farqlari jahon standartlariga, avvalambor xavfsizlikka mos kelishi shart ekanligi belgilangan.
O`zbekistondagi chang`i trassalariga qo`yiladigan umumiy talabalarni o`rganib chiqish uchun FIS (Xalqaro chang`i federasiyasi)ning trassalar bo`yicha Qozog`iston Respublikasidagi rasmiy vakolatli inspektori Andrey Obiskalov yurtimizga tashrif buyurdi.
Sportining qishki va murakkab texnik sport turlari bo`yicha respublika oliy sport mahorati maktabining Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani "Chimyon" qishlog`ida joylashgan «Paxtakor» sport bazasi va unga tutash bo`lgan ikkita dor yo`liga yaqin joylashgan chang`ida uchish trassasini sertifikatlashtirish (gomologasiya) A.Obskalov tomonidan tekshiruvdan o`tkazildi va 4 ta sertifikat topshirildi.
Bugungi kunda chang`i trassalarida taqdim etilgan Chimyon-2, Chimyon-AAA sertifikatlariga asosan sportning tog` chang`isi va snoubord turlari bo`yicha (slalom-1, slalom-2, gigant slalom, paralel slalom) to`rt yo`nalishda nafaqat Respublika, balki xalqaro miqiyosdagi musobaqalarni tashkil etish mumkin.
Eslatib o`tamiz, so`nggi marotaba ushbu tadbir (gomologasiya) xalqaro musobaqalar o`tkazilishidan oldin 1984 yilda amalga oshirilgan edi.
Sportning qishki va murakkab texnik sport turlari bo`yicha respublika oliy sport mahorati maktabi tomonidan amalga oshirilgan ushbu ishlar O`zbekistonda sportning tog` chang`isi va snoubord turlari rivojini yangi bosqichga olib chiqishga imkon beradi.