AQSh Afg`onistondan o`z qo`shinlarini 1 mayga qadar to`liq olib chiqib ketish masalasini ko`rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat rasmiylarining ma`lumotlariga tayanib Reuters xabar qildi.
«Vashingtonda siyosiy jarayon davom etayotganligi sababli, AQSh biron bir variantni rad etmaydi. Biz 1 mayga qadar qo`shinlarimizni to`liq olib chiqib ketish masalasini ko`rib chiqmoqdamiz», - deyilgan AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning prezident Ashraf G`aniga yozgan maktubida.
Maktubda yozilishicha, AQSh Rossiya, Xitoy, Pokiston, Hindiston tashqi ishlar vazirlari va vakillarini Afg`onistonda tinchlikni saqlashga qaratilgan yagona yondashuvni muhokama qilish uchun yig`ilish o`tkazish yuzasidan BMTga murojaat qilmoqchi.
Bundan tashqari, Vashington «Turkiya hukumatidan tinchlik bitimini yakunlash uchun yaqin haftalarda ikki tomonning yuqori darajadagi uchrashuvini tashkil qilishni» rejalashtirmoqda.