Fransiyaning shimoli-g`arbida ichida vertolyot qulab tushdi. Vertolyot ichida milliarder va siyosatchi Olive Dasso bo`lgan. Halokat natijasida Dasso va uchuvchi halok bo`lgan. Bu haqda Figaro-ga tayanib «RBK» xabar berdi.
2020 yil Dasso Forbes jurnalining milliarderlar reytingida 4,7 milliard dollar bilan 361-o`rinni egallagan.
Aviahalokat Dovil shahri yaqinida, Kalvados departamentida mahalliy vaqt bilan 18:00 da (Toshkent vaqti bilan 22:00) sodir bo`ldi. Bu ma`lumotlar Lizyo kommunasi prokurori Delfin Menniel tomonidan tasdiqlandi. AS350 Squirrel vertolyoti xususiy maydonchadan uchib ketayotganda halokatga uchradi.
Havo transporti jandarmeriyasi qasddan qilinmagan qotillik bo`yicha tergov boshladi.
Tadbirkor va Fransiya Milliy majlisi deputatining vafoti munosabati bilan davlat rahbari Emmanuel Makron hamdardlik bildirdi. «Olive Dasso Fransiyani sevardi. Hayoti davomida vataniga xizmat qilishdan va uni qadrlashdan to`xtamadi. Uning kutilmagan vafoti katta yo`qotish bo`ldi» — deb yozdi prezident Twitter sahifasida.
Dasso 69 yoshda edi. U fransuz aviasiya muhandisi, biznes va harbiy samolyotlar, kosmik sun`iy yo`ldoshlar ishlab chiqaradigan va samolyotlarga xizmat ko`rsatadigan Dassault Aviation oilaviy korporasiyasining asoschisi Marsel Dassoning nabirasi edi. Shuningdek, korporasiya Figaro gazetasini ham yuritadi.
Bobosining o`limidan keyin 1986 yilda Olive Dassoning otasi Serj Dasso o`g`lini Europe Falcon Service sho``ba korxonasining direktor o`rinbosari etib tayinlaydi. Keyinchalik Dassault Aviation kompaniyasining fuqarolik aviasiyasiga ixtisoslashgan bo`limida strategik direktor bo`lib ishlaydi. Olive Dasso professional uchuvchi bo`lib, tezlik bo`yicha bir nechta jahon rekordini o`rnatgan.
Siyosiy karerasini 1977 yilda Parij shahar kengashiga saylanganidan keyin boshlagan. U birinchi marta 2002 yilda Milliy majlisga (Fransiya parlamentining quyi palatasi) saylangan, undan keyin uch marta qayta saylandi. «Respublikachilar» konservativ partiyasi a`zosi edi. Xususan, Dasso o`lim jazosining qayta tiklanishini qo`llab-quvvatlagan, bir jinslilar nikohini qonuniylashtirishga qarshi chiqqan.