Katta Farg`ona kanali yana bir fuqaroni oqizib ketgan bo`lishi mumkin. Bu safar 1959 yili Andijon shahrida tug`ilgan fuqaro A. K. kanalning Izboskan tumanidan o`tuvchi hududi baxtsiz hodisaga yuz tutgan bo`lishi ehtimoldan xoli emas, deya yozmoqda "Xalq so`zi".
Aniqlik kiritilishicha, 4 nafar farzandning otasi bo`lmish fuqaro shu yilning 28 fevral kuni Izboskan tumanidagi Bo`ston MFYda istiqomat qiluvchi qarindoshlarinikiga kelgan va shu kunning o`zida bedarak yo`qolgan. 1 mart kuni tuman ichki ishlar bo`limiga yo`qolganligi to`g`risidagi xabar kelib tushgan.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Matbuot xizmatining xabariga ko`ra, bedarak yo`qolgan fuqaro Katta Farg`ona kanaliga cho`kib ketgan bo`lishi mumkin va shu bois 1 mart kunidan boshlab 1 ta motorli qayiq, 1 nafar otryad boshlig`i va 4 nafar g`avvoslar ishtirokida qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Shu kungacha kanalning Izboskan tumanining Bo`ston MFY hududidan o`tuvchi qismidan 5 km. masofagacha bo`lgan qismida qidiruv ishlari olib borildi.
Eslatib o`tamiz, sal avval 5 mart kuni 13 yoshli bolaning ehtiyotsizlik oqibatida Katta Farg`ona kanaliga cho`kib ketgani va bir necha kun o`tgach uning jasadi topilgani xabar qilingan edi.






