Ijtimoiy tarmoqlarda “Nukusdagi restoranlarning birida uch kishi restoran xodimini turli xil qattiq jismlar bilan do`pposlashdi” sarlavhasi ostida videotasvirlar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti mazkur holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Xabarda aytilishicha, 2021 yilning 09 mart kunidan 10 mart kuniga o`tar kechasi soat 00:30 larda Nukus shahri “Almazar” MFY.,da joylashgan “Las-Vegas” nomli restoranida musiqachi bo`lib ishlovchi 22 yoshli Iskandar Q., ning yoniga mijoz 31 yoshli Alisher A., mast holatda kelib qo`lidagi mikrofonini so`ragan vaqtida rad javobini olgach sheriklari 34 yoshli Gafur Q., 33 yoshli Sultan A.,lar bilan uni urib do`pposlashgan. Natijada Iskandar Q., olgan jarohatlari sabab shifoxonaga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Nukus shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” bandi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
"Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va tergov jarayonida har bir fuqaroning xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishi ta`minlanadi",–deyiladi departament bergan ma`lumotda.