Oliy Majlis Senatining o`n uchinchi yalpi majlisi kun tartibidagi navbatdagi masala – O`zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020 yilda huquqiy targ`ibot va ma`rifatning holati haqidagi axboroti eshitildi.
Ta`kidlanishicha, “Bepul huquqiy maslahat bilan har bir uyga” shiori ostida huquqiy maslahat berish tizimi yo`lga qo`yilgan. Loyiha doirasida 5857 ta mahalladagi 78 292 ta xonadonda suhbat o`tkazilib, ularga bepul huquqiy maslahat, shu jumladan, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va ijtimoiy himoyaga oid boshqa loyihalar to`g`risida ma`lumotlar berildi.
Pandemiya davrida @huquqiy_maslahat boti orqali fuqarolarning 8 mingdan ortiq savollariga huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Adliya vazirligi tomonidan o`tkazilgan huquqiy targ`ibot tadbirlari monitoringi natijalariga ko`ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat soliq qo`mitasi namunali, deb topildi.
Shu bilan birga, Transport vazirligi huzuridagi “O`zaviasiya” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi hamda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investisiyalarni jalb etish agentligining jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlari qoniqarsiz, deb topildi.
Shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan amalga oshirilgan targ`ibot tadbirlari haqidagi ma`lumotlar monitoring qilish uchun Adliya vazirligiga taqdim etilmagan. Moliya vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ma`lumotlar monitoring tugaganidan so`ng kechikib taqdim qilingan.
" – Bugungi kunda jamiyatimizda huquqiy ong oshyaptimi, deb savol o`rtaga tashlansa, sezilarli darajada oshyapti deb aytishga to`liq haqlimiz. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi ochiq muhokamalardan, fuqarolarimizning o`z pozisiyasini erkin bildira olayotganligidan ham ko`rishimiz mumkin.
Biroq fuqarolarimizni qiziqtirayotgan masalalar bo`yicha Xalq ta`limi vazirligi, Davlat test markazi, Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi tomonidan o`z vaqtida va etarlicha munosabat bildirilmayapti.
Huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo`yicha olib borilgan ishlar tahlili sohada qator muammolar mavjudligini ham ko`rsatmoqda. Mavjud muammolarni bartaraf etish va huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirish maqsadida ustuvor yo`nalishlar ham belgilandi.
Xususan, davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasini baholash tartibi joriy etiladi. Unga ko`ra, davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy bilimlarini oshirish bo`yicha o`qitiladi hamda har uch yilda avtomatlashtirilgan tizim orqali huquqiy savodxonlik darajasi baholab boriladi.
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tarkibida Innovasion media markaz tashkil etiladi. Ushbu markaz, qonun hujjatlari mazmunini sodda, xalqchil tilda etkazuvchi zamonaviy axborot-tahliliy media materiallarini tayyorlaydi va tarqatadi", deydi vazir.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.






