Transport vositalarini bojxona nazoratini chetlab yurtimizga olib o‘tishga bo‘lgan urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.
Xususan, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Yangiqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro S.A. boshqaruvidagi “ZilMMZ-45021” rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv davomida umumiy qiymati 70 million so‘mlik yuk avtomashinasiga tegishli hujjatlar avtomashinaning identifikatsion belgilariga to‘g‘ri kelmasligi hamda qo‘shni mamlakatdan noqonuniy tarzda olib kirilganligi aniqlandi.
Buni qarangki, qonunbuzar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini chalg‘itish maqsadida avtotransport vositasini soxta hujjatlar asosida boshqarib kelayotgan ekan.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






