AsosiyJamiyat

Yaponiyaning NHK telekanalida O`zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida ko`rsatuv namoyish etildi

'Yaponiyaning NHK telekanalida O`zbekistonning sayyohlik salohiyati haqida ko`rsatuv namoyish etildi'ning rasmi

Yaponiyaning "NHK" teleradiokompaniyasi "Dunyo ajoyibotlarga to`la" sayyohlik dasturi doirasida O`zbekistonga bag`ishlangan maxsus televizion dasturni namoyish etdi. Bu haqda O`zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi xabar berdi. 

Ushbu loyiha O`zbekistonning Tokiodagi elchixonasi tashabbusi bilan O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi hamda Yaponiya-O`zbekiston do`stlik assosiasiyasi ko`magida amalga oshirildi.

Yapon xalqi orasida juda mashhur bo`lgan ushbu teledasturda taniqli yapon aktyori Ryohei Suzuki, mashhur qo`shiqchi JUJU, shuningdek, o`zbekistonlik oila Obidjon Hakimov va uning rafiqasi - yaponiyalik Kana Mori ishtirok etdi. Teledastur namoyishidan so`ng u ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilindi. 

NHK vakillarining so`zlariga ko`ra, shou dasturi Yaponiya aholisida katta taassurot qoldirdi. "Buyuk ipak yo`lining maftunkor mamlakati" deb nomlangan yarim soatli dasturda Yaponiya jamoatchiligi Samarqand, Buxoro, Xiva va Farg`ona shaharlarining sayyohlik salohiyati va tarixiy obidalari bilan tanishtirildi. Shu bilan birga, yapon tomoshabinlariga o`zbek xalqining boy madaniyati, qadimiy tarixi, mehmondo`stligi va kundalik hayoti haqidagi rang-barang lavhalar ko`rsatildi. 

O`zbekistonga kelin bo`lgan yapon qizi Kana Mori ushbu shaharlarga tashrifi davomida har bir hududning "tashrif qog`ozi" bo`lgan xalq amaliy san`ati buyumlari uni qiziqtirib qo`yganini ma`lum qildi. Masalan, Buxoroga sayohat paytida laylak shaklidagi qaychi tayyorlanadigan ustaxonaga tashrif buyurishdi. Marg`ilonda Ikat markazi mavjud bo`lib, ulardan dunyo dizaynerlari va mashhur brendlar foydalanadigan mahsulotlar ishlab chiqariladi. Xiva shahrida ular palov uchun maxsus lagan tayyorlash san`ati va an`analari bilan tanishishdi. 

Yaponiyalik jurnalistlar o`zlarini qiziqtirgan noyob mahsulotlar haqida ham so`zlab berishdi. Buyuk Ipak yo`li chorrahasida joylashgan yurtimiz ellarni bir-biriga bog`lab, Sharqu G`arb o`rtasida savdo-sotiq markazi vazifasini o`tagani, savdo karvonlari atlasu adras kabi anvoyi matolar bilan birga qo`l mehnati orqali yaratilgan ipak matolarni ham bir o`lkadan boshqasiga tashigani, bu savdo- sotiq zamirida albatta do`stlik va birodarlik muhim mezon sanalganini takidlashdi. Ko`rsatuv so`ngida o`zbek madaniyati muhitini his qilish uchun O`zbekistonga tashrif buyurish tavsiya etildi. Yaponiya teleradiokompaniyasi xodimlarining so`zlariga ko`ra, Yaponiya aholisi NHK`ning Twitter va Instagram sahifalarida translyasiya to`g`risida juda ko`p ijobiy sharhlar qoldirishgan. Ularning so`zlariga ko`ra, kompaniya ilgari boshqa davlatlar haqida ko`plab shunga o`xshash dasturlarni namoyish etgan edi, ammo O`zbekiston haqidagi dastur ancha katta muhokamaga sabab bo`ldi. 

Boshqa yangiliklar