AsosiyJamiyat

“O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi Qonun ma`qullandi

'“O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi Qonun ma`qullandi'ning rasmi

Oliy Majlis yuqori palatasining o`n uchinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Ta`kidlanganidek, Prezidentimizning tashabbuslari bilan so`nggi to`rt yilda O`zbekistonda so`z erkinligini, fikrlar xilma-xilligini, odamlar o`z qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etishini amalda ta`minlash uchun barcha shart-sharoit yaratilib kelinmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining kafolatlarini ta`minlash maqsadida Konstitusiya bilan bir qatorda boshqa qonunlar qabul qilingan.

Ma`lumki, so`z hamda fikrlash erkinligini qonuniy asosda kafolatlash huquqiy demokratik davlatning ajralmas qismi hisoblanadi.

Biroq so`nggi vaqtlarda ayrim veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan blogerlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi shaxslarning axborot olish va uni tarqatish madaniyati to`liq shakllanmagani sababli, ushbu shaxslar o`z huquqlarini amalga oshirishlarida boshqa shaxslarning qonun bilan qo`riqlanadigan huquq va manfaatlariga zarar etkazish holatlari kuzatilmoqda.

Qolaversa, bunday shaxslarning axborot tarqatish sohasidagi huquqiy madaniyati shakllanmaganligi kelajakda ular tomonidan qonun talablarini buzib, o`z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan mamlakatning mavjud konstitusiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo`rlik bilan o`zgartirishga da`vat etish, urush, diniy ekstremizm g`oyalarini targ`ib qilish, davlat yoki qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish, fuqarolarning sha`ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo`l qo`yuvchi hamda ommaviy tartibsizliklarga da`vat etuvchi kontentni tarqatish ehtimolini oshirmoqda.

Shu sababli barcha qatori axborot egalarining ham so`z mas`uliyati va uning oqibatlari bo`yicha javobgarlikni his qilishi, boshqa shaxslarning huquqlari kafolatlanishi ham tegishlicha belgilab qo`yilishi maqsadga muvofiq.

Qayd etilganidek, Qonun bilan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi va “Axborotlashtirish to`g`risida”gi Qonunga ayrim o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Qonunning maqsadi etib veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan, blogerlarning ommaviy tartibsizliklar va zo`ravonlikni da`vat etish, aholi xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg`on ma`lumot tarqatish, zo`ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ`ib qilish, huquqqa xilof harakatlarni sodir etish maqsadida axborotni tarqatishlariga qarshi va ularning oldini olishga qaratilgan qonunchilik normalarini kiritish belgilangan.

Qonun qabul qilinishi natijasida ommaviy tartibsizlik va fuqarolarga nisbatan zo`ravonlik qilishga ommaviy da`vat etish, fuqarolarni qonun hujjatlariga rioya qilmaslik yoki ularni buzishga omma oldida, shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali da`vat qilish, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg`on ma`lumot tarqatishni bartaraf etish va uning oldini olishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Qonunda jamiyat, davlat, davlat ramzlariga hurmatsizlikni namoyon etuvchi beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish, pornografiyani, zo`ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ`ib qilish, shuningdek, o`zini o`zi o`ldirishga targ`ib qilish singari qonun buzilish holatlarining oldini olish va bu turdagi huquqbuzarliklarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish, veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, blogerlar o`zlari tarqatayotgan kontentlari ustidan doimiy monitoring olib borishlari va qonun bilan belgilangan talablarga qat`iy rioya etishlari nazarda tutilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soladigan maxsus qonunlarning qabul qilinishi, huquqiy hujjatlarning yaxlit tizimini yaratadi, sohadagi munosabatlarning huquqiy aniqligini ta`minlaydi hamda ommaviy axborot vositalarining amalda erkinligini kafolatlashga xizmat qiladi. Bu esa barcha tomonlarning huquq va majburiyatlari aniq belgilab, keyinchalik o`z huquqlarini sud tartibida ta`minlanishiga imkon beradi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy hayotni demokratlashtirish jarayonlari milliy axborot qonunchiligini liberallashtirish masalalarini, qisman axborotni tarqatish jarayonlari doirasida qator huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishiga yuridik javobgarlik choralarining susayishi, o`z o`rnida, fuqarolik jamiyati sub`ektlarining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishiga, shuningdek, dolzarb, ishonchli va jamiyat uchun muhim bo`lgan axborotni erkin tarqatishga zamin yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar