2021 yilning 9 mart kuni Ijtimoiy tarmoqlarda Departamentning Urganch shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir bilan bog`liq videotasvir yuzasidan Xorazm viloyati Prokuraturasi munosabat bildirdi.
Joriy yil 9 mart kuni Ijtimoiy tarmoqlarda Departamentning Urganch shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir bilan bog`liq videotasvir tarqaldi.
Mazkur tezkor tadbir Departamentning Urganch shahar bo`limi xodimlari tomonidan 7 mart kuni “Urganch Markaziy dehqon bozori” AJ hududida o`tkazilgan bo`lib, unda fuqaro J.Sabirov tadbirga jalb qilingan fuqarodan 1 AQSh dollarini 10 ming 400 so`mdan hisoblab, 100 AQSh dollarini 1 mln 40 ming so`mga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalilar bilan ushlangan.
Tadbir davomida xodimlarni ko`rgan J.Sabirov o`zini noqonuniy harakatlarini yashirish va javobgarlikdan qochish maqsadida shimining orqa cho`ntagidagi fuqarodan olgan 1 mln 40 ming so`m bilan birga valyuta qimmatliklarini ayriboshlashga mo`ljallangan boshqa pullarni uloqtirib yuborib, xodimlarning qonuniy talablariga bo`ysunmasdan qarshilik ko`rsatib, erga yotib olgan va shu payt atrofdagi ishga aloqador bo`lmagan boshqa fuqarolar voqeaga aralashib, u bilan birga faol qarshilik ko`rsatishgan.
Shuningdek, tadbirda Departament xodimlari tomonidan tez tibbiy yordam mashinasi chaqirilib, J.Sabirov respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm viloyati filialiga olib borilib, shifokor ko`rigidan o`tkazilgan.
Tibbiy ko`rikda, J.Sabirov UZI va rentgen yordamida tekshirilganida, uning tana a`zolarida hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan (ma`lumotnomalar ilova qilinmoqda).
Lekin, uning qorin qismida muqaddam (o`zining so`zi bilan 2009 yildan) to`g`ri ichak a`zosi kesib tashlanib, jarrohlik amaliyoti qilinganligi uchun iliostoma (ingichka ichak og`zini tashqariga chiqarish) qilinganligi va qabziyat chiqargich ulanish qismi qimirlash bo`lganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, o`rganishlar davomida J.Sabirov bir necha yillardan buyon Urganch markaziy dehqon bozori hududida valyuta oldi-sotdisi bilan shug`ullanib kelayotganligi aniqlangan.
Hozirda Departamentning Urganch shahar bo`limi xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o`tkazilib, holat yuzasidan Urganch shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Natijasi bo`yicha qo`shimcha ravishda ma`lumot beriladi.






